Qadrim so‘rasangiz qarog‘im tilim,
Ko‘ngil osmonida chaqmog‘im tilim,
Nonidek totliyu, choyidek issiq,
O‘zbek ko‘ksidagi bulog‘im tilim.
(Mahmud Toir)
Ona tilim! Yuragimda maysa misol ungan tilim. Ne-ne daholarningdil tubidagi gavharlarlarini olam uzra yoyishga xizmat qilgan, millat nomini tanitishda benazirim, beminnatim - tilim.
Buyuk tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariy shunday degan edi: «Xudo davlat quyoshini turklar burjida yaratdi. Falakni ham shular mulkiga moslab aylantirdi… Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l – ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tildaso‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar.Hatto ular o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar» («Devonu lug‘otit turk»dan).
Bugun millatimiz farzandlariga ona tiliga bo‘lgan hurmat tuyg‘usini uyg‘otishda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining o‘rni beqiyos. Mana bir necha yillardan beri oktyabr oyi umumta’lim maktablarida – ona tili va adabiyot fan oyligi hisoblanadi. Bu yil oktyabr oyi – mumtoz adabiyot oyligi ham deya e’lon qilindi.

O‘z fanining fidoyi ustozlari garchi yillar davomida o‘zbek tili va adabiyoti ravnaqi yo‘lida zahmat cheksalar-da, fan oyligini yuqori saviyada o‘tkazishni, 21 oktyabr o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunni munosib tashkil etishning harakatida bo‘ladilar. Namoyish etilgan tadbirlari, bayram kechalaridan olingan fotolavhalarni ijtimoiy tarmoqdagi kasbdoshlariga ilinadilar. Hattoki, faollar zali mavjud bo‘lmagan maktablar ham ochiq maydonlarda, maktab foyelarida turli tadbirlar tashkil qiladilar. Shularni kuzatib borar ekanman, til dillarni birlashtirishishiga yana bir marta ishonch hosil qilaman.

Mirzo Ulug‘bek tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablar ham bir oy mobaynida jonajon tilimiz, qadrdon mumtoz adabiyotimiz sharafini yanada ko‘tarish maqsadida turli tadbirlar tashkil etdilar. Jumladan, «Navoiy vorislari» , «G‘azalxon o‘quvchi» , «Husnixat» , «Til bayramiga bag‘ishlangan eng yaxshi ssenariy» ,«Eng yaxshi ochiq dars», «Eng yaxshi animasion dars» , «Eng yaxshi ona tili sinf xonasi», «Eng yaxshi adabiyot sinf xonasi» tanlovlarining tashlkil etilishi o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirdi. Shoir, yozuvchilar, tilshunos olimlar, san’atkorlar bilan uchrashuvlar o‘quvchilarga olam-olam zavq bag‘ishladi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-maktabda «Bobolardan meros tilim», deb nomlangan adabiy kecha xalq og‘zaki ijodiga bag‘ishlanganligi bilan alohida ahamiyatlidir. Dono xalqimizning maqollari, topishmoqlari, ertaklari, qo‘shiqlari, dostonlari asosida tuzilgan bayram tadbiri maktab o‘quvchilari va tashrif buyurgan mehmonlar yodida uzoq vaqt saqlanib qolishiga ishonamiz.

Inson eng samimiy, eng ichki tuyg‘ularini pok tarbiya paytida oladi. To beshikda ekan, eshitgan allalari-la ona tilining ta’siri ostida o‘sadi. Natijada eng kuchli sevganimiz til — ona tilimizdir. Ruhimizga vujud bergan butun din, axloq va go‘zalliknio‘sha til vositasida olganmiz.

Suvdek muloyim, nondek aziz, quyoshdek issiq, havodek zarur ona tilimiz! Usiz yashash mumkinmi?! Bugun kichik bir maqola orqali zahmatkash, fidoyi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining bir olam zavq, bir olam mehr bilan bajargan ishlarini sharhlab ham, baholab ham berolmayman. Ishonamanki, chashmadek jilvakor ona tilimiz, faxrlansa arzigulik mumtoz adabiyotimiz bor ekan, uni kelgusi avlodlarga ham gard yuqtirmay taqdim eta olishdek sharafli burch biz o‘qituvchilarning qo‘limizdadir!
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
248-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Feruza SOLIXO‘JAYEVA