Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Buxorolik o‘qituvchi ayol o‘limidan 9 oy o‘tib eksgumasiya qilindi. Uni davolagan shifokor qamoqqa olingan

Buxorolik o‘qituvchi ayol o‘limidan 9 oy o‘tib eksgumasiya qilindi. Uni davolagan shifokor qamoqqa olingan

G‘ijduvonlik muallima Gulmira Nuriddinova o‘limidan so‘ng oradan 9 oy vaqt o‘tgach eksgumasiya qilingan va uning o‘limida gumonlanib shifokor Salohiddin Xolov ehtiyot shart sifatida qamoqqa olingan. Bu haqda «Daryo» muxbiri Laylo Hayitova xabar bermoqda.

Holatga ko‘ra, marhuma Gulmira Nuriddinova 2018 yilning 1 yanvaridan 4 yanvariga qadar G‘ijduvon tumanidagi «Zarangari» MFY fuqarosi, 65-sonli QVP mudiri, shifokor Salohiddin Xolovning yashash uyida tashkil qilingan kasalxonada ambulator tartibda yotib, davolanib kelgan. 4 yanvarga o‘tar kechasi Gulmira Nuriddinova shifokorning uyidan chiqib ketgan. Shu kuni soat 09:05 da ushbu xonadondan 1 kilometrcha uzoqlikdan oqib o‘tuvchi «Ja’far» arig‘ining 9-kilometridan uning jasadi topilgan.

Murda shu kuni G‘ijduvon tuman STE patologik anatomiya bo‘limiga keltirilib, tuman IIB tezkor tergov guruhi a’zolari qatnashuvida G‘ijduvon tuman sud-tibbiy ekspertiza eksperti Faxriddin Ahmedov tomonidan ekspertiza o‘tkazilib, tanasi yorib ko‘rilgan. O‘limga sabab bo‘ladigan biror-bir kasallikning morfologik belgilari aniqlanmagan. Oshqozoni kesib ko‘rilganda, 0,5 litr atrofida xira loyqasimon suv bo‘lgan. Chap yuz, burun usti terisida joylashgan yuzaki qirilish va shilinmalar marhuma o‘limidan so‘ng suv oqimi ta’sirida tananing shu sohalarini suv havzasidagi qattiq o‘tmas jismlarga urilishi, sirpanishidan yuzaga kelgan.

Gulmira Nuriddinovaning tana a’zolarida zo‘raki o‘lim belgilari yoki tanasida o‘z-o‘zini himoya qilish uchun xos bo‘lgan jarohatlar aniqlanmagan. Xo‘sh, shunday ekan, yuqorida ko‘rsatilganidek, eni 1,5 metr, suv sathi 40 sm bo‘lgan va  bir nechta to‘siqlari bor ariqdan murda qanday qilib 9 kilometrgacha oqib ketishi mumkin, degan savol kishini o‘ylantiradi. Marhuma 2018 yilning 4- yanvar kuni G‘ijduvon tumanidagi «Imom Bakir» qabristonida dafn etilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, marhuma hayotlik davrida surunkali yurak ishemik kasalligi, gipertoniya III bosqich, arterial gipertenziya I daraja, xavf guruh IV bosqich, bosh miya orqa chuqurchasi kistasi, 12 barmoqli ichak piyozcha qismi yara kasalligi, eroziv gastrit bilan og‘rigan, stasionar davolangan.

Bu tuhmat! Qizimda hech qanday kasallik kuzatilmagan, soppa-sog‘ edi. Shifokor Salohiddin Xolovning uyidagi kasalxonadan boshqa biror joyda davolanmagan. Uning uydagi kasalxonasi noqonuniy faoliyat yuritayotganidan keyin xabar topdim. Qizimning boshida o‘simtasi bo‘lmagan. Do‘xtir uni o‘zi o‘ldirib, keyin ariqqa tashlagan.

Fazliddin Nuriddinov, marhumaning otasi

Viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergovchisi bilan suhbatda esa marhumaning turmush o‘rtog‘i Rahmatillo Muhammedov xotinining qon bosimi ko‘tarilib turishi, muqaddam uning viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonada yotib davolangani, bundan tashqari, bir necha marotaba poytaxtdagi shifoxonalar ko‘rigidan ham o‘tib kelgani haqida so‘zlagan. Shuningdek, xotinining o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan hech kimga nisbatan gumoni yo‘qligini bildirgan.

«Daryo» muxbiri surishtiruv jarayonida marhuma faoliyat ko‘rsatgan G‘ijduvon tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ulug‘bek Ummatov bilan suhbatlashgan.

Gulmira Nuriddinova uzoq yillar davomida o‘zi o‘qigan maktabda o‘qituvchilik qilib kelgan. Odob-axloqli, o‘z ustida ishlaydigan o‘qituvchi edi. Ammo tez-tez qon bosimi ko‘tarilishidan shikoyat qilganda, hamshiralarimiz tomonidan doimiy ravishda birinchi yordam ko‘rsatib kelingan. Sog‘lig‘i bo‘lmagan vaqtida turmush o‘rtog‘ini chaqirganmiz yoki o‘zimiz uyiga mashinada eltib qo‘yganmiz.

Ulug‘bek Ummatov, maktab direktori

G‘ijduvon tuman prokuraturasi katta tergovchisi Dilshod Narzullayev tomonidan holat yuzasidan qo‘shimcha ravishda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, Gulmira Nuriddinovaning o‘limida biror shaxs harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmagani bois, JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etilgan.

Ko‘p o‘tmay, marhumaning yaqin qarindoshlari ekspertiza xulosasi bilan tanishgach, ekspertizaning to‘liq va to‘la o‘tkazilmagani, marhumaning o‘lim sababi to‘g‘ri aniqlanmagani bildirilgan. JPKning 173-moddasi, 1-qismi, 1-bandiga asosan, o‘lim sababini aniqlash sharti bilan viloyat prokuraturasi tomonidan ekspertiza tadqiqoti orqali Gulmira Nuriddinovaning murdasini eksgumasiya qilish belgilagan. Shunga ko‘ra, G‘ijduvon tumani, «Havzak» MFY, Xo‘jalar qishlog‘idan oqib o‘tuvchi «Ja’far» arig‘idan murdasi topilgan ayol ko‘milgach, oradan 9 oy o‘tganidan keyin eksgumasiya qilingan. Marhumaning otasi Fazliddin Nuriddinovning bildirishicha, yaqin qarindoshlar eksgumasiyaga qarshi bo‘lgan.

Qabrni ochmasdan yarim soatcha oldin menga qo‘ng‘iroq qilib, qizimning 9 oy ilgari ko‘milgan jasadini eksgumasiya qilinishi haqidagi xabarni yetkazishdi. Uyimiz va qabriston oralig‘i masofasi bor-yo‘g‘i 500 metr. Borsam, 30 nafarga yaqin odam to‘plangan. Organ xodimlari, tibbiyot vakillari ham bor edi. Nega so‘roqsiz eksgumasiya qilayapsizlar, deb so‘radim. Viloyat prokuraturasi 18-bo‘lim boshlig‘i Anvar O‘rmonov esa Respublika sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosi eksperti Shohsanam Yodgorovani olib kelganini, uzog‘i bilan ikki oyda qizimning o‘limi bilan bog‘liq holatni ochishini va u albatta natija berishini aytdi. Shundan so‘ng kun kechida, qorong‘u tushgach, qizimning murdasi qabrdan chiqarildi.

Fazliddin Nuriddinov, marhumaning otasi

Eksgumasiyada jasad qabrdan chiqarilgach, birlamchi ekspertiza jarayonida kesib tikilgan jarohatlardan tashqari, boshqa birorta jarohat yoki uning izlarini topish imkoni bo‘lmagan. Boshi yumshoq to‘qima tikish bo‘yicha ochilgan va ichida bosh miya bo‘lgan. Kalla gumbaz suyaklari arralab, kalla asos bo‘shlig‘i doloto yordamida ochilgan. 2x2 o‘lchamdagi suyak parchasi olib tashlangan. 0,5 millilitrli shpris yordamida suv, qon yoki yiring borligini aniqlashga kirishilgan. Biroq biror bir suyuqlik topilmagan. Qorong‘ulikda sun’iy yorug‘likda o‘tkazilgan eksgumasiya harakati jarayonida murdaning boshqa tegishli barcha tana a’zolari to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilgan. Suyak tizimlarida sinish, yorilish yoki shunga gumon bo‘lgan holatlar aniqlanmagan. Eksgumasiya yakunlangach, marhumaning murdasi qabrga qo‘yilib, qabr dastlabki holatiga keltirilgan.

Eksgumasiyaning 96-sonli qayta ekspertiza xulosasiga ko‘ra, diatom-plankton tekshiruvi jarayonida murda o‘pkasida 12 ta ekzemplyar-plankton aniqlangan. Shunga qaramasdan, «O‘pkada cho‘kishga xos bo‘lgan o‘tkir emfizema belgilari aniqlanmaganligi marhumaning suvga o‘limidan keyin tushganligidan dalolat beradi» deyilgan.

Qayta sud-tibbiy tekshiruvdan so‘ng shifokor Salohiddin Xolov Gulmira Nuriddinovaning o‘limida gumonlanib,  ehtiyot sharti sifatida qamoqqa olingan.

Viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Jahongir Haydarov tomonidan tergov harakatlari olib borilgan. Unga ko‘ra, 2018 yilning 25 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi, 3-qismi (shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, Jahongir Haydarov tomonidan Salohiddin Xolovga nisbatan bemor boshining asosiy arteriyalarini UZDGdan o‘tkazmasdan, unga asossiz ravishda «Venofir», «Reasorbilakt», «Magneziya», «Glisin», «Deksametazon» nomli dori vositalarini qo‘llash, O‘zbekiston Respublikasi JKning 134-moddasi (murdani tahqirlash) hamda 186-moddasi 3-qismi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish) bilan aybdorlik qo‘llanilgan. 1-sonli ekspert Faxriddin Ahmedov esa JKning 238-moddasi, 1-qismi (ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berishi) bilan ayblangan.

Mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tumani sudi yurituviga kelib tushgan. Biroq, sud raisi Mahmud Oripovning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, JKning tegishli moddalari bilan ayblanayotgan Salohiddin Xolov va Faxriddin Ahmedovga doir jinoyat ishining jabrlanuvchilar tomonidan keltirilgan yozma raddiyani xolisona ta’minlash maqsadida ishni ko‘rib chiqish va sudlov masalasini hal qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga yuborish bo‘yicha ajrim qabul qilingan. Shundan so‘ng Gulmira Nuriddinovaning o‘limi bilan bog‘liq ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudiga oshirilgan.

Sud davomida holat bo‘yicha olib borilgan tergov ishlarida xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi ochiqlangan. Salohiddin Xolov JKning 134-moddasi hamda 186-moddasi 3-qismi bilan noto‘g‘ri ayblangani, tergovchining xatoga yo‘l qo‘yganiga aniqlik kiritilgan. Sudda sudlanuvchiga nisbatan katta tergovchi tomondan qo‘yilgan ushbu ayblar rad etilgan.

Hukmga ko‘ra, Salohiddin Xolov JKning 116-moddasi, 3-qismi va shu moddaga asosan, JKning 45-moddasi (Muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llanilib, 3 yil mansabdorlik huquqidan va 3 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Faxriddin Ahmedovga nisbatan esa JKning 45-moddasi qo‘llanilib, 2 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

Lawyer’s Shield advokatlik byurosi advokati tomonidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudiga shifokor Salohiddin Xolovga nisbatan oqlov hukmi chiqarish bo‘yicha apellyasiya shikoyati kiritilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-, 23-, 82-, 176- va 463-moddalarini Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi qo‘pol ravishda buzib, asossiz tarzda Salohiddin Xolovni aybdor deb topgan va unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini noto‘g‘ri tayinlagan. Salohiddin Xolovning nohaq ayblanishiga O‘zbekiston Respublikasi sud tibbiy ekspertiza bosh byurosi komissiyaviy tibbiyot ekspertizasining 2018 yil 15 noyabrdagi 96-sonli xulosasi asos qilib olingan. Vaholanki, ushbu ekspertiza tomonidan me’yoriy huquqiy hujjatlarga zid ravishda xulosa berilgan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza bosh byurosi eksperti Shohsanam Yodgorova tomonidan tayyorlangan 96-sonli qayta ekspertiza xulosasida marhumaning suvga o‘limidan keyin tushganligi, biroq marhumaning ichki organlaridan 12 ta diatom-plankton topilgani qayd etilgan. Vaholanki, inson suvga cho‘kkanda uning ichki organlaridan diatom-plankton chiqsa, u o‘limidan oldin suvga cho‘kkan hisoblanadi. Ajablanarlisi, ekspertning xulosasida marhuma o‘limidan keyin suvga cho‘kkan va uning ichki organidan 12 ta diatom-plankton topilgan, bular bir-biriga zid. Eksgumasiyada e’tiborsizlik bo‘lgan. Xo‘jako‘rsinga ish qilingan. Tergovchi vakolatini suiiste’mol qilgan. Jasad holatiga nisbatan noto‘g‘ri xulosalangan. Bu bo‘yicha sudga murojaat etildi. Lekin ekspert sudga kelmadi.

Faxriddin Ahmedov, G‘ijduvon tumani sud-tibbiy ekspertiza eksperti

Advokat tomonidan shifokor Salohiddin Xolovga nisbatan oqlov hukmi chiqarish bo‘yicha apellyasiya shikoyati kiritilgach, ish hujjatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudiga oshirilgan.

Qizimning o‘limi bilan bog‘liq holat yana mavhum bo‘lib qoldi. Do‘xtir avval qizimni o‘ldirib, uni o‘zi ariqqa tashlaganini tan olmayapti. To‘g‘ri, o‘sha kun kuchli yomg‘ir yoqqan, ariqda suv bo‘lgan. Lekin qanday qilib do‘xtirning xonadonidan bir kilometrcha uzoqlikdagi ariqqa yiqilgan qizimning murdasi bir nechta to‘siqlardan o‘tib, 9 kilometr narigacha oqib boradi? Balki men noto‘g‘ri o‘ylayotgandirman, balki sud-tergov jarayonida xatoliklar kechayotgandir. Balki rostdan do‘xtir qizimni o‘ldirmagandir. Qariyb ikki yildan buyon aniqlik yo‘q, ammo qani o‘sha jinoyatchi, qani o‘sha qotil?! Jinoyatni ochib berishsin. Haqiqiy qotilni topishsin. Adolat qaror topsa bas.

Fazliddin Nuriddinov, marhumaning otasi

Salohiddin Xolovning advokati H.Ahmedovning «Daryo»ga bildirishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosining «Barcha turdagi sud-tibbiy ekspertizalar uchun amallarni bajarish yo‘riqnomalari»ning 6,3-bandiga asosan, «Agar kalla asos suyak bo‘shlig‘idan suyuqlikda diatom-plankton topilmasa, bu ekspert xulosasida cho‘kish natijasidagi o‘limni istisno qilish uchun asos bo‘la olmaydi», deb belgilangan bo‘lsa-da, respublika eksperti Shohsanam Yodgorova tomonidan qonunga zid ravishda ekspertiza xulosasi berilishi Salohiddin Xolovning nohaq qamalishiga sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan apellyasiya shikoyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Kiritildi: 10:29 02.09.2019. O'qildi: 6928 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!