Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Buxorodagi markaziy bozorda sodir bo‘lgan yong‘inni tez o‘chirishga nima xalal bergan? (foto)

Buxorodagi markaziy bozorda sodir bo‘lgan yong‘inni tez o‘chirishga nima xalal bergan? (foto)

Buxoro markaziy dehqon bozorida sodir bo‘lgan yong‘inga to‘rtta yong‘in o‘chirish ekipaji jalb qilingan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Buxoro viloyat YOXB matbuot xizmati xodimi leytenant Mirjon Fayzullayev «Daryo»ga ma’lum qildi.

Yong‘inning kelib chiqish sababi savdo do‘koni egasi do‘konda o‘rnatilgan kondisionerni yoqib, qarovsiz qoldirgani hamda elektr simining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo‘lgani aniqlangan.

5 iyul kuni ertalab 06:00 da Buxoro Markaziy dehqon bozori hududida joylashgan 408-sonli oziq-ovqat do‘konida yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish uchun yong‘in o‘chirish ekipaji soat 06:05 da yetib kelgan. 06:12 da tegishli hudud o‘rab olingan. Yong‘in natijasida do‘konning 60 metr kvadrat tom qismi va oziq-ovqat mahsulotlari zarar ko‘rgan.

— Yong‘in o‘chirish ekipaji o‘z vaqtida yetib kelgan bo‘lsa-da, uni o‘chirish uchun esa bir soatdan ortiq vaqt ketdi. Sababi tadbirkorlar tomonidan bozorning ichki yo‘llarigacha savdo-sotiq mahsulotlari yoyib tashlangan. Temir va taxtadan tayyorlangan qo‘lbola stol-stullaru rastalar qalashib yotgan. Ayniqsa, axlat tashlash joyining ham bozor o‘rtasida joylashgani ta’bni xira qiladi. Bunday to‘siqlarning haddan ortiqchaligi yong‘in o‘chirish avtomobillarining erkin harakatlanishi uchun xalaqit berdi. O‘t o‘chirish mashinasi kirishi uchun imkoniyat va sharoitning mavjud emasligi harakatimizni mushkullashtirdi. Shuningdek, bozor hududidan o‘tgan elektr simlar odatda yer ostidan o‘tkazilishi lozim. Elektr shitlarining ochiq holda qoldirilgani hamda talab darajasida emasligi ko‘ngilni xira qiladi. Talay muammolar bozor ma’muriyati tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan, — dedi Mirjon Fayzullayev.

Sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirkorlar juda ko‘p bor ogohlantirilishiga qaramay, natija o‘zgarmagan. «Buxoro Markaziy dehqon bozori» AJda quruq mevalar, meva-sabzavotlar rastasi, go‘sht rastasi, sut mahsulotlari, shuningdek, poliz mahsulotlari hamda tayyorlov savdo rastasi mavjud. Jami 1472 nafar sotuvchi va tadbirkor xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Afsuski, bozorda ko‘p salbiy oqibatlar 90 foiz sotuvchilarning o‘z mahsulotlarini rastalarda emas, ko‘chada va yerda olib borishayotgani oqibatida yuzaga kelgan. Yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlardan to‘liq foylanilmagan.

Eslatib o‘tamiz «Daryo»surishtiruvi bo‘yicha joriy yilning 23 may kuni Buxoro dehqon bozorida 15 yashar qiz farrosh tomonidan xorijlik sayyohlar ko‘z o‘ngida kaltaklangani haqida e’lon qilingan maqolada ham aynan bozordagi tartibsizliklar va savdo ishlaridagi pala-partishliklar borasida so‘z yuritilgan edi. Eslatib o‘tamiz, unda Buxoro viloyat soliq boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Bahodir Fayziyev tomonidan: «Ko‘cha bozori savdosiga qarshimiz oyligi»dan ko‘zlangan maqsad: bozorlar, savdo komplekslari hamda tijorat do‘konlari atrofini obodonlashtirish, tovarlarni faqat savdo tashqarisiga chiqarmaslik, sanitariya normalari, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, shuningdek, shoxobchada nazorat-kassa mashinasi, to‘lov terminali mavjud bo‘lishi hamda ularni belgilangan tartibda ishlatishni ta’minlashdir. Oylik davomida chakana savdo faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan savdo qoidalari, sanitariya normalari va yong‘in xavfsizligi talablari buzilganda aybdorlarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq, javobgarlik choralari qo‘llaniladi», — deya ta’kidlagan edi.

Kiritildi: 15:36 06.07.2019. O'qildi: 2923 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!