Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga oid ganch panel qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Topilma O‘zbekiston—AQSh xalqaro arxeologik ekspedisiyasi tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar davomida aniqlangan. Ganch panelga kufiy yozuvlar tushirilgan bo‘lib, u Somoniylar davriga oid jome masjidining me’moriy bezaklariga mansub.
Arxeologik tadqiqotlarda O‘zbekiston va AQSh mutaxassislari bilan birga Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.
Ekspedisiya rahbari Jamoliddin Mirzahmedovning ma’lum qilishicha, ganch panel qoldiqlari bizgacha to‘liq va yaxshi saqlangan holatda yetib kelmagan. Shu sababli topilmani saqlab qolish uchun restavrasiya va konservasiya ishlari olib borilmoqda.
Agentlikka ko‘ra, topilma Buxoroning Somoniylar davri me’morchiligi, xususan, ganch o‘ymakorligi va epigrafik bezak an’analarini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi.
Ayni paytda Shahriston arxeologik yodgorligida tadqiqotlar davom ettirilmoqda. Shuningdek, aniqlangan me’moriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservasiya qilish va ilmiy jihatdan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.