Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Buxoroda erkak harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi sababli oqlandi

Buxoroda erkak harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi sababli oqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2010 yil 15 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, H. O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 3-qismining “a,v” bandlari bilan JKning 45-moddasini qo‘llab, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 2 yil, JK 209-moddasining 1-qismi bilan 1 yil; JK 227-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan 2 yil, JKning 59-moddasi tartibida 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 30 % miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, H. auditor vazifasida ishlab, bank filiali boshqaruvchisi S., bosh hisobchisi M., MCHJ rahbari Z., MCHJning texnika xizmati bo‘yicha mutaxassisi A.lar bilan uyushgan guruhga birlashib, 2009 yil 14 avgustdagi bankning Buxoro viloyat filiali va Peshku tumanidagi xususiy tadbirkor
O. o‘rtasida tuzilgan 62-sonli kredit shartnomasi asosida bank tomonidan ajratilgan 65.000.000 so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilish maqsadida, Peshku tuman davlat soliq inspeksiyasi xisobotlar bo‘limining muxrini egallab, mazkur shtamp bilan 2001 yilda faoliyati tuxtatilgan fermer xo‘jaligining 1-sonli shakl buxgalteriya balansiga Peshku tuman davlat soliq inspeksiyasining shtampini qo‘yib, qalbakillashtirilgan balans hujjatlarini bankning Buxoro viloyat filialiga taqdim qilib, takroran xizmat soxtakorligiga yo‘l qo‘yib, Peshku tumanida 1998 yil 29 yanvarda ro‘yxatga olingan 2001 yildan buyon faoliyati to‘xtatilgan fermer xo‘jaligining 2009 yil 1 yanvar xolatdagi moliyaviy xisobotlari bo‘yicha ya’ni, uning iqtisodiy barqarorligi to‘g‘risida soxta auditorlik xulosasi tuzib, mazkur xulosani bank Buxoro viloyat filiali kredit bo‘limiga taqdim qilinishi natijasida yakka tartibdagi tadbirkor O.ga  65.000.000 so‘m ajratilishiga va mazkur kredit mablag‘larni Peshku tumanida ro‘yxatga olingan mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisob raqamiga ko‘chirilishiga erishib, kredit mablag‘larini naqdlashtirish yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblangan.        

Dastlabki tergov va sud muhokamasida so‘roq qilingan H., fermer xo‘jaligining moliyaviy balans hujjatlari unga muhr va imzolar to‘liq qo‘yilgan holda taqdim qilinganligini, O. ismli bank xodimining iltimosi bilan xulosa qilib berganligini, kredit oluvchilar bilan til biriktirmaganligini, ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha manfaatdor bo‘lmaganligini bildirib ko‘rsatuvlar bergan. Uning mazkur ko‘rsatuvlari jinoyat ishidagi dalillar bilan rad qilinmagan, ish holatlari aksincha bo‘lganligi isbotlab berilmagan.    

Shuningdek ishda sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan S., fermer xo‘jaligining muhrini topib olganligini, shu muhrdan foydalanib, bankdan berilgan 2009 yil 10 iyul sanasidagi 2-sonli kafillik shartnomasining blankasiga imzo va muhr qo‘yganligini, bank tomonidan fermer xo‘jaligining moliyaviy balans hujjatlari so‘ralgani uchun xo‘jalikning balans hujjatlariga soxta ma’lumotlar kiritib, Peshku tuman DSIga ish bilan borganida soliq xodimining stolida turgan qayd qilish shtampini olib, balans hujjatlariga bosganligini, keyin ushbu hujjatlarni bankka taqdim qilganligini, bu jarayonlarda auditor H.ning ishtiroki bo‘lmaganligini bayon qilgan bo‘lsada, birinchi instansiya sudi fermer xo‘jaligining muhri va davlat soliq inspeksiyasining shtampini egallashda va foydalanishda H.ning ishtiroki to‘g‘risida asossiz xulosaga kelgan.

Jinoyat ishida sudlanuvchi yoki guvoh tariqasida so‘roq qilingan biror shaxsning H.ning kredit oluvchilar bilan uyushgan guruhga birlashganligi, guruh rahbari yoki a’zolarining iltimosi bilan fermer xo‘jaligining iqtisodiy barqarorligi to‘g‘risida soxta auditorlik xulosasi tuzib berganligini, uning ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha manfaatdor bo‘lganligini tasdiqlaydigan ko‘rsatuvlari mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 26 may kunidagi “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasida auditorlik tekshiruvining moliyaviy hisobot va boshqa moliyaviy axborot to‘g‘riligi va qonun hujjatlariga mosligini aniqlash maqsadida xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisobotini hamda u bilan bog‘liq moliyaviy axborotni auditorlik tashkilotlari tomonidan tekshirishdan iborat ekanligi ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishi hujjatlaridan ko‘rinishicha, H.unga taqdim qilingan hujjatlarni o‘rganib ulardagi ma’lumotlar asosida fermer xo‘jaligining iqtisodiy barqarorligi to‘g‘risida xulosa tuzib bergan. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni talablari yoki sohani tartibga soluvchi ichki normativ huquqiy hujjatlar talablari buzilmagan.

Chunonchi, auditor H.ga fermer xo‘jaligining 2008 yil yakunlari bo‘yicha 1-sonli shakldagi buxgalteriya balansi, moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi 2-shakldagi hisobot, debitor va kreditor qarzdorlik haqidagi ma’lumot, pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot hujjatlari taqdim qilingan. Barcha hujjatlar fermer xo‘jaligining muhri bilan tasdiqlangan. 2008 yil yakunlari bo‘yicha 1-sonli shakldagi buxgalteriya balansi hujjatlarida Peshku tuman DSI soliq to‘lovchilarning buxgalteriya hisobotlarini qabul qilish bo‘limining shtampi bosilgan bo‘lib, hujjatlardagi ma’lumotlar Peshku tuman DSIdagi ma’lumotlar bilan solishtirilganligini bildiradi.

Jinoyat ishida, auditor H.ga taqdim qilingan hujjatlar qalbaki bo‘lgan taqdirda ham uning bundan xabardor bo‘lganligini tasdiqlaydigan dalillar mavjud emas. Shunday ekan dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudining H.ning  uyushgan guruxga birlashib o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini talon-toroj qilganligi, korxonaning o‘ta muxim axamiyatga ega bo‘lgan muxrini egallaganligi, xizmat soxtakorligiga oid xulosalari faqat taxminga asoslangan bo‘lib, qonunning hukm taxminlarga asoslanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi talablariga javob bermaydi.

Qayd etilganlarga asosan, sudlov hay’ati, sud hukmining H.ga oid qismini bekor qilib, uning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi
3-qismining “a,v” bandlari, 209-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari, 227-moddasi 2-qismining “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyat tarkibi mavjud emas deb hisoblab, ishni JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan tugatdi. H.ning yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini JPKning 304-313-moddalarida nazarda tutilgan tartibda bartaraf qilish huquqiga ega ekanligi e’tirof etdi.

 

            ASH-3-03/127-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudining

sudyasi S.Nayimov

 

Kiritildi: 12:23 26.11.2019. O'qildi: 1373 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!