Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Buxoroda 8 yil avval o‘g‘irlangan noyob xazina joyiga qaytariladi

Buxoroda 8 yil avval o‘g‘irlangan noyob xazina joyiga qaytariladi

Vobkentdagi Chashmai Ayyub maqbarasi peshtoqidan bundan 8 yil (!) avval o‘g‘irlab ketilgan noyob koshin o‘z joyiga qaytariladi.

Maqbara kechmishiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu yodgorlikning Chashmai Ayyub deb nomlanishining o‘zi ham bir tarix. Bu yerda zamin ostidan chiqqan shifobaxsh chashma ulug‘lanib, mashhur payg‘ambar Ayyub alayhissalom nomi bilan bog‘langan. Rivoyatlarga ko‘ra, Ayyub alayhissalom Buxoroga kelgan bo‘lib, ul muborak zot hassasini qayerga ursalar, shu yerdan buloq otilib chiqqan ekan. Mazkur chashmaga ham u kishining hassasi tekkan joy sifatida nisbat beriladi.

Chashmai Ayyub maqbarasida milodiy 1017 yilda vafot etgan hadisshunos olim Abu Sa’d al-Xarjushiy dafn etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maqbara yaqinida masjid va darveshlar xonaqosi ham bo‘lgan. Yodgorlikning atrofidagi qabriston keyinchalik xalqning u kishiga yuksak e’tiqodi tufayli yuzaga kelgan.

Maqbara asrlar davomida qanchadan-qancha talon-toroj, to‘s-to‘polonlarni boshdan kechirgan. Ayniqsa, mustabid sho‘rolar davrida butkul unutilib, e’tiborsiz qoldirilganligi sababli tashlandiq holga kelib qolgandi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan 800 yillik tarixiy davr Chashmai Ayyub ning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Endilikda yodgorlikning faqat peshtoq qismi hamda unga tutash devorning bir bo‘lagi bizgacha yetib kelgan, xolos.

Bu haqda Yurtga qaytgan qadriyat sarlavhasi ostida Adolat ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2017 yil 28 iyul sonida maqola e’lon qilgan edik.

O‘sha maqolada mazkur noyob obida peshtoqiga bitilgan muqaddas yozuvning bir parchasi bundan 8 yil muqaddam bir guruh kimsalar tomonidan ta’mirlash ishlari bahonasida o‘g‘irlab ketilgani haqida ham fikr yuritgandik.

O‘tgan vaqt ichida mamlakatimiz huquq-tartibot idoralari mazkur o‘g‘irlab ketilgan koshinni topish va aybdorlarni jazoga tortish yuzasidan tegishli tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirdilar. Natijada jinoyatchilar ushlanib, odil sudlovga tortildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2011 yilning yoz oylarida Z.G. tomonidan yollangan ishchilar yordamida yodgorlik peshtoqidagi Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: Avvallari sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Bas, endi ularni ziyorat qilaveringlar . Bu imorat hijriy olti yuz beshinchi yili qad rostlagan , deya arab yozuvida bitilgan hikmatli jumlaning olti yuz beshinchi raqami bitilgan koshin bo‘lagi o‘g‘irlanib, yodgorlikka shikast yetkazilgan. Uni qayta restavrasiya qilish bahonasida, o‘g‘irlik ekanini sezdirmay, Toshkent shahriga olib kelishgan va koshin bo‘lagi A.A.ga berilgan.

Shundan so‘ng koshinni turkiyalik (kimligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan) shaxsga sotish uchun O‘zbekiston havo yo‘llari Milliy aviakompaniyasida bort kuzatuvchisi bo‘lib ishlagan I.A. bilan jinoiy til biriktirib, qonun hujjatlarini buzgan holda mamlakat hududidan olib chiqishgan.

Chashmai Ayyub yodgorligining o‘g‘irlab ketilgan koshin bo‘lagi Germaniya Federativ Respublikasi orqali Buyuk Britaniyaning Mayfair galereyasida 2017 yilda sotuvga qo‘yiladi...

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining aralashuvi bilan koshin bo‘lagi respublikamizga qaytarildi. Ayni paytda koshin O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanmoqda. Yaqin kunlar ichida jahongashta koshinni Vobkentga olib kelib, o‘z joyiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Xalqimizda Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi , degan hikmatli naql bor. Jinoyat sodir etgan kimsalar ayni mana shu naql mohiyatiga e’tibor qaratishganida, sudning qora kursisiga o‘tirishmagan bo‘lishardi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlab o‘tish lozimki. Chashmai Ayyub maqbarasi va unga tutash ko‘hna qabriston hududida Adolat SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Qodir Jo‘rayevning mazkur obida atrofini obodonlashtirish hamda uni respublikamizdagi turistik marshrutlar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida mutasaddi tashkilotlarga yuborgan deputatlik so‘rovi asosida 2017-2018 yillarda maqbara va unga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi esa yaqin orada ushbu obidani mamlakatimizning turistik manzilgohlari ro‘yxatiga kiritishni rejalashtirmoqda. Yana bir yangilik YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi va Madaniyat vazirligi tomonidan mazkur obidani Buyuk Ipak yo‘li durdonalari , deb nomlangan katta loyihaning tarkibiy qismi sifatida YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda partiyadoshlar bilan birgalikda Xayrobodga safar uyushtirib, Chashmai Ayyub jome’ masjidi imom-xatibi Omon Rahimov va xayrobodlik oqsoqollar bilan suhbatlashdik. Ular noyob bitikli koshin topilganligidan, aybdorlar o‘z jazosini olayotganligidan xursand ekanliklarini qayd etishdi. Koshin o‘z joyiga qaytarilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi, deya tilak bildirishdi.

Yuksak mahorat bilan bunyod etilgan ushbu nodir yodgorlikni asrab-avaylash, uni asl holida qayta qurish va ta’mirlash, maqbara atrofida turistik infratuzilmani rivojlantirish asosiy vazifalarimizdan biridir.

Manba: adolat.uz

Kiritildi: 17:56 25.01.2019. O'qildi: 2410 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!