Bugun 29 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Burdur: tarix, madaniyat va tabiat gavhari

Burdur: tarix, madaniyat va tabiat gavhari

Ko‘llar hududining durdonasi bo‘lmish Burdur viloyati Turkiyaning O‘rta yer dengizi mintaqasida joylashgan. U ko‘plab tarixiy va madaniy boyliklar, jumladan, qadimiy shaharlar, tepaliklar, karvonsaroylar, qasr va masjidlar, shuningdek, tabiiy go‘zalliklari, jumladan, ko‘llar, g‘orlar, qo‘riqxonalar, bog‘lar va platolar bilan mashhurdir. Viloyat tarixda Frigiya, Rim, Pergamon qirolligi va Vizantiya davrlarini boshdan kechirgan.

Insuyu g‘ori Turkiyada sayyohlar uchun ochilgan ilk g‘or bo‘lib, taxminan 600 metr uzunligi, piyoda yurish yo‘li, stalaktitlar va stalagmitlari bilan noyob tajriba maskanidir.

Sagalassos qadimiy shahri

Aglasun tumanida joylashgan Sagalassos shahri 2009 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va uning tarixi qadimiy Rim davriga borib taqaladi. 9000 kishini sig‘dira oladigan dunyodagi eng baland qadimiy teatr joylashgan ushbu shahar qadimiy haykaltaroshlikning eng yaxshi namunalarini namoyish etadi.

Sagalassos qadimiy shahridagi eng nodir inshootlar orasida Antonin favvorasi, shuningdek, Rim vannalari, kutubxona, turar joylar, ibodatxonalar va Heroon mavjud.

Lisinia tabiat bog‘i

Burdur ko‘li qirg‘og‘ida joylashgan Lisinia tabiat parki tabiatga yo‘naltirilgan loyiha sifatida e’tirof etilgan va Turkiyaning birinchi yovvoyi tabiatni qayta tiklash markazlaridan biri hisoblanadi.

Burdur muzeyi

Burdur muzeyida 66 000 dan ortiq asarlar, jumladan, Xojilar, Kuruchay, Ho‘yucek tepaliklari, Bubon, Sagalassos, Kibyra va Kremnadan topilgan topilmalar mavjud. 1969 yilda tashkil etilgan bu muzey 2008 yilda Yevropa muzeylar forumi tomonidan “Ziyorat qilishga arziydigan muzey” mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Mehmet Akif Ersoy madaniyat uyi

Mehmet Akif Ersoy madaniyat uyi Turkiya madhiyasi muallifi Mehmet Akif Ersoy Turkiya Buyuk Millat Majlisida Burdur deputati bo‘lgan davrida istiqomat qilgan tarixiy Chelikboshlar saroyida joylashgan.

Ilk jumhuriyat davriga oid ikki qavatli inshoot tosh poydevori, yog‘ochdan yasalgan yuqori qavati va ikkinchi qavatidagi balkonli derazasi bilan an’anaviy turk uyining oddiy namunasi sifatida ajralib turadi.

Tashrif buyuruvchilar sensorli ekranlarda Ersoyning hayoti, ijodi va Mustaqillik urushidagi she’rlarini tinglashlari mumkin. Gologramma taqdimotida Akif kutubxonasi, shaxsiy maktublar, Turkiya Buyuk Millat Majlisi hujjatlari kabi tarixiy manbalar ham namoyish etiladi.

Salda ko‘li

Oppoq qumlari va firuza suvlari bilan butun dunyoga mashhur Salda ko‘li Turkiyaning eng hayratlanarli go‘zal maskanlaridan biridir.

Qushlarni kuzatish kabi faoliyat uchun mos bo‘lgan ko‘l tarkibida magniy, soda va loy borligi sababli sog‘lomlashtirish turizmi uchun ayni muddaodir.

Qadimgi Kibyra shahri

2016 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Kibyra arxeologik yodgorligi Lidiya va Rim sivilizasiyasining muhim shaharlaridan biri sifatida tanilgan.

Dunyoning eng katta teatriga ega bo‘lgan 3000 o‘rinli qadimiy shaharda 2006 yildan beri qazish ishlari davom etmoqda. Qazishmalar natijasida agora, hammom, bazilika, suv kanallari va monumental qabristonlar topildi, bu esa ziyoratchilarga o‘tmishdan hozirgi kungacha bo‘lgan shahar hayoti haqida yaxlit tushunchaga ega bo‘lish imkonini berdi.

Burdur Yaren kechasi

Turli yoshdagi odamlar yig‘iladigan Yaren kechasi nafaqat qiziqarli tadbir, balki an’ana va urf-odatlar, jumladan, to‘g‘ri o‘tirish va tik turish, kichiklarga hurmatni o‘rgatish an’anasidir.

Burdurda, shuningdek, echki va qoramol qovurg‘alaridan tayyorlangan geografik ko‘rsatkichga ega Burdur shish kabobi, yong‘oq pastasi, Go‘lhisar kavurmasi (qovurilgan go‘sht turi) va Burdur oshxonasiga xos bo‘lgan boshqa turli xil lazzatlarni tatib ko‘rish mumkin.

Kiritildi: 10:25 26.08.2025. O'qildi: 573 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!