Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Bundan 100 yillar avval bo‘lgan voqealar hozir ham takrorlanayotgandek...

Bundan 100 yillar avval bo‘lgan voqealar hozir ham takrorlanayotgandek...

Kommunistlar mamlakatda bo‘layotgan hodisalardan ulamolarning fikrini chalg‘itish uchun yangi bir o‘yin o‘ynashardi. Aslida ixtilofli bo‘lgan masalalarni o‘rtaga tashlab, ulamolardan hal qilib berishni so‘rashardi. Bahs-u munozaralar keskinlashib ketar, bu esa ulamolarning o‘zaro shaxsiy adovatlariga sabab bo‘lar hamda din uchun qayg‘urish esdan chiqib, o‘z sha’ni uchun kurash boshlanar edi. Kommunistlar to‘riga ilingan ba’zi mullolar ikkilamchi masalalarni bemaqsad zo‘r berib, bayon qila boshladilar. Shubhasiz, bu masalalar kitoblarda zikr qilingan bo‘lsa-da, ilmi oz, tor fikrli mullolar bu masalalarda bahslashishga sho‘ng‘igan edilar.

Biroq uzoqni ko‘ra bilgan, yetuk, dono ulamolar aralashmas, ba’zi vaqtlar esa bu ixtiloflarning omma va xalq orasida ham keng quloch yozishidan to‘xtatib qolardilar. Bu bahslarga nazar solgan kishining aqliga Islom mamlakati hamda musulmonlarni yo‘qotish uchun tobora siqib borayotgan zulm panjalarini qirqib tashlash to‘g‘risida fikrlash o‘rniga, balki "Juma namozidan so‘ng ehtiyoti peshin o‘qish kerakmi yo‘qmi?", "Attahiyotda ko‘rsatkich barmoq bilan ishora joizmi yoki nojoiz?", "Mavlud o‘qilayotgan mahalda qiyomda turish zarurmi yoki zarur emasmi?", "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak soyalari bormi yoki yo‘q?", "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ota-onalari kofir hukmidami yoki unday emasmi?" kabi masalalarda fikrlash zarurroq ekan-da, degan mulohaza kelardi.

Namoz o‘qishga ijozat berilgan masjidlarda ushbu bahslar oshkora qilinayotgan edi. Ularning bu o‘yinlari nihoyatda yaxshi samara berdi. Ulamolar kelgusi avlodga yetkazib berish zimmalariga farz bo‘lgan Islom dinini asrash haqida fikrlash o‘rniga, butun iqtidoru salohiyatlarini shu bahslarga sarflay boshladilar. Avom halq esa "Ashobul adl"ning hiyla-nayranglarini unutib, ulamolar bilan ovora bo‘lib qoldi.

 

A’zam Hoshimiy, "Alvido vatan" kitobidan

 

 

Kiritildi: 19:50 06.11.2019. O'qildi: 7721 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!