Zamonaviy auksionlar tarixidagi eng yirik, vazni 228,31 karatli olmos Britaniyaning Christie's savdo uyi tomonidan auksionga qo‘yilmoqda. Bu haqda Janubiy Afrika Respublikasining (JAR) SABC radiostansiyasi xabar tarqatdi.
Bundan yigirma yil avval JARda topilgan va ishlov berilgan ushbu olmos tosh "Qoya", deb ataladi. Uning taxminiy narxi 30 million dollar atrofida, deyilmoqda.
Savdo 11 may kuni Christie's savdo uyining Jenevadagi bo‘limida bo‘lib o‘tadi. Oq rangli tosh, nok shakliga o‘xshab ketadi va o‘ta yuqori darajada tozaligi bilan ajralib turadi.
Xabarda bunday kattalikdagi olmos avval hech qachon savdoga qo‘yilmagani aytilmoqda. Shuningdek, qimmatbaho toshning egasi ham sir tutilmoqda.