Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya ikki tomonlama munosabatlarda jiddiy tiklanishni e’lon qildi. Buyuk Britaniyaning YEIdan chiqish haqidagi referendumidan qariyb to‘qqiz yil o‘tib erishilgan kelishuv savdo va mudofaadan tortib, yoshlarning harakatchanligi va baliqchilikgacha bo‘lgan muhim sohalarni qamrab oladi.
London va Bryusselda ta’kidlanganidek, yaqinlashuv AQSh prezidenti Donald Trampning harakatlari tufayli global tartibdagi o‘zgarishlar fonida mumkin bo‘ldi. Tomonlar to‘plangan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va hamkorlikning yangi modelini qurishga qaror qilishdi.
Bitimlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqining mudofaa bo‘yicha qo‘shma xaridlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Bu BAYE, Rolls-Royce va Babcock kabi Britaniya kompaniyalariga Yevropaning 150 milliard yevrolik qayta qurollanish dasturida ishtirok etishiga yo‘l ochadi.
Bundan tashqari, baliqchilik bo‘yicha kelishuvga erishildi. Keyingi 12 yil davomida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya kemalari bir-birining hududiy suvlariga kira oladi. Buning evaziga London chegara tartib-qoidalarini sezilarli darajada soddalashtirishga va byurokratiyani qisqartirishga erishdi, bu Brexit'dan keyin Yevropa Ittifoqiga eksport qilishda qiyinchiliklarga duch kelgan kichik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari uchun ayniqsa muhimdir.
Buyuk Britaniya hukumati eng yirik savdo sherigi bilan kelishuv 2040-yilga borib mamlakat iqtisodiyotiga 9 milliard funt sterling (12,1 milliard dollar) qo‘shishini aytdi. Shuningdek, oziq-ovqat ta’minoti shartlari yaxshilanishi, energiya xavfsizligi oshishi va narxlarning pasayishi kutilmoqda.
Tomonlar yoshlar uchun cheklangan harakat erkinligi dasturi tamoyillari bo‘yicha kelishib oldilar. Bu 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarning sayohat va ish bilan ta’minlanishini soddalashtiradi. Shartnoma tafsilotlari keyinroq kelishib olinadi. Buyuk Britaniyaning Erasmus+ talabalar almashinuv dasturida ishtirok etishi ham muhokama qilinmoqda.
Bosh vazir Key Starmer hukumati gap to‘liq harakat erkinligiga qaytish haqida emas, balki faqat nazorat ostidagi sxema ekanligini ta’kidladi. Best for Britain ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyaliklarning uchdan ikki qismi ikki yillik mobil dasturni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu London tomonidan may oyida Hindiston va AQSh bilan kelishuvlardan keyin tuzilgan uchinchi xalqaro bitimdir. Cheklangan qisqa muddatli iqtisodiy ta’sirga qaramay, rasmiylar yangi yo‘nalish ishbilarmonlik kayfiyatini kuchaytiradi va investisiyalarni jalb qiladi deb umid qilmoqda.