Braziliya prezidenti Luiz Inasio Lula da Silva kasalxonaga yotqizilgan va uning miyasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. 79 yoshli siyosatchiga shu yilning oktyabr oyida yiqilib tushganidan keyin yuzaga kelgan gematoma olib tashlandi. O‘shanda bu jarohati tufayli Lula Qozondagi BRIKS sammitiga bormagandi.
«Prezident Luiz Inasio Lula da Silva 9 dekabr, dushanba kuni kechqurun bosh og‘rig‘i tufayli ko‘rikdan o‘tish uchun Brazilia shahridagi Sirio-Libanes kasalxonasiga yotqizildi. MRT 19 oktyabr kuni uydagi baxtsiz hodisa natijasida yuzaga kelgan intrakranial qon ketishini ko‘rsatdi. Lula San-Pauludagi Sirio-Libanes kasalxonasiga yotqizildi va u yerda gematomani olib tashlash bo‘yicha operasiya o‘tkazildi, jarayon hech qanday muammosiz yakunlangan. Hozirda prezident reanimasiya bo‘limida kuzatuv ostida», — deyiladi Braziliya hukumati saytida.
Shifokorlar mahalliy vaqt bilan soat 09.00 da siyosatchining ahvoli bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazishga va’da berishmoqda.