Bugun 3 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Boy bo‘lish yomonmi?

A A A
Boy bo‘lish yomonmi?

Ko‘pchilik orasida shunday gap bor: “Taqvodor, Alloh taoloning roziligi yo‘lida xizmat qilayotgan inson boy bo‘lmasligi kerak”. Agar ulardan izoh so‘rasangiz boylik, mol-dunyo juda yomon narsa deyishadiyu o‘zlari esa unga qarab intilishadi. Xo‘sh, Dinimizda boylik, mol-dunyo orttirish borasida qanday ko‘rsatmalar kelgan?

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Odamlarga ayollardan, bolalardan, to‘p-to‘p tillo va kumushdan, go‘zal otlardan, chorvadan, ekin-tekindan iborat shahvatlarning muhabbati ziynatlandi. Ular dunyo hayotining matohidir. Allohning huzurida esa, husnli qaytar joy bor. (Oli Imron surasi, 14)

(«Shahvat» so‘zi urfda jinsiy ma’noda ishlatib kelinadi. Aslida esa, shahvat «ishtaha» so‘zidan olingan bo‘lib, ko‘ngil tusashi, xohlashiga aytiladi. Ushbu oyati karimada odamlarning ko‘ngliga muhabbati ziynatlangan, ishtahalari doim tortib turadigan narsalar haqida so‘z ketmoqda).

Demak, mol-dunyoga bo‘lgan muhabbat Alloh taolo tomonidan insonlarning tabiatiga qo‘shib yaratilgan tuyg‘udir. Faqat boylik qalbdan joy olmasligi hamda halol yo‘l bilan topilgan bo‘lishligi shart.

Zero, Alloh taolo O‘z Kalomida shunday marhamat qiladi:

“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli. O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir”.                                                                                     (Nisosurasi, 29)

Mo‘minlar, tijorat yoki boshqa Alloh halol qilgan yo‘l bilan boylik topishlari mumkin. Buning hech qanday nojo‘ya jihati yo‘q.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Ayyub bir kuni yalang‘och cho‘milayotganida, uning ustiga oltin chigirtkalar shatirlab yog‘ila ketdi va Ayyub ularni terib ko‘ylagiga sola boshladi. Shunda Parvardigori unga nido qildi: “Ey Ayyub, Men seni ko‘rib turgan narsalaringdan behojat qilib qo‘ymaganmidim?” U: “Ha (ey Rabbim, shunday qilgansan,) izzatingga qasamki, lekin men Sening barokangdan behojat emasman”, dedi” (Imom Buxoriy “Jome’us sahih”da va Bayhaqiy “Sunanul kubro”da rivoyat qilgan). Ayyub alayhissalom payg‘ambarlardan biridir. Uning nasabi Ishoq ibn Ibrohim alayhissalomga borib tutashadi. Alloh taolo Ayyub alayhissalomga katta boylik, mol-dunyo va farzandlar bergandan keyin musibat yuborib, sinaydi. Ammo Ayyub alayhissalom musibatlarga chiroyli sabr qiladi. Alloh taolo uning duosini qabul qilib, avvalgi mol-dunyo va bola-chaqalarini yana qaytarib beradi. Bu hadisda Ayyub alayhissalom hayotida ro‘y bergan hodisa haqida so‘z boradi. Kunlarning birida Ayyub alayhissalom cho‘milayotganida, birdan ustiga oltin chigirtkalar yog‘iladi. U tez-tez terib, oltin chigirtkalarni qo‘yniga sola boshlabdi. Shunda Alloh taolo unga nido qilib: “Ey Ayyub, Men seni ko‘rib turgan narsalaringdan behojat qilib qo‘ymaganmidim?” ya’ni, axir Men seni boy-badavlat qilib qo‘ygan bo‘lsam, yana nega o‘zingni bu narsalarga urmoqdasan, deb xitob qilibdi. Bunga javoban Ayyub alayhissalom: “Ey Rabbim, shak-shubhasiz Sen meni bu narsalardan behojat qilib qo‘ygansan. Lekin Sen osmondan tushirgan baraka va fayzingdan behojat emasman”, deb javob beribdi. Ibn Hajar ushbu hadis haqida: “Mazkur hadis haqqi va shukrini ado qila oladigan banda uchun halol yo‘l bilan boylik orttirish joizligiga dalolat qiladi. Bu yerda “mol-dunyo” ma’nosi “baraka” so‘zi bilan ifodalanib, shokir va taqvoli boy kishilar fazilatda afzalligi ham ta’kidlanmoqda”. Ushbu hadisdan olinadigan ibratlar:

1 – kishi bir o‘zi xoli qolganida yalang‘och cho‘milishi joizligi. Chunki Alloh taolo Ayyub alayhissalomga yalang‘och cho‘milayotgani uchun emas, balki oltin chigirtkalarni qo‘yniga solgani uchun tanbeh ma’nosida nido qildi.

2 – Haqqi va shukrini ado qilish sharti bilan boylik to‘plash mumkinligi.

3 – Har bir banda Allohning xayr-baraka va fayzidan bahramand bo‘lishga harakat qilishi.

4 – Qanchalik boy-badavlat bo‘lmasin, banda doimo o‘zini Allohga muhtoj ekanini his qilib turishi, o‘zini zinhor Allohning lutf-karamidan behojat ekanini da’vo qilmasligi.

Abu Kabsha Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitgan ekan: “Uch narsaga qasam ichaman va men sizlarga bir hadis aytaman, uni yodlab olinglar: bandaning moli sadaqa bilan kamaymaydi, bir bandaga zulm qilinsa va o‘shanga sabr qilsa, albatta Alloh uning obro‘sini ziyoda qiladi. Agar banda o‘ziga tilanchilik eshigini ochsa, albatta Alloh unga faqirlik eshigini ochadi (yoki shunga o‘xshash so‘z aytdilar). Men sizlarga bir hadis aytaman, uni yodlab olinglar: Albatta dunyo to‘rt kishinikidir – bir bandaga Alloh boylik va ilm beradi. U Rabbiga taqvo qiladi, silai rahm qiladi va unda Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal darajadir! Yana bir bandaga Alloh ilm beradi, ammo boylik bermaydi. Shunga qaramay uning niyati to‘g‘ri, agar Alloh menga ham boylik berganida falonchining amalini qilgan bo‘lardim, deydi. U niyatiga yarasha (ajr) oladi va u ikkisining savobi bir xil. Yana bir bandaga Alloh boylik beradi, ammo ilm bermaydi. U molini ilmsiz holida isrof qiladi, Rabbiga taqvo qilmaydi, silai rahm qilmaydi va unda Allohning haqlarini bilmaydi. Bu eng yomon darajadir! Yana boshqa bir bandaga Alloh boylik ham, ilm ham bermaydi, shunga qaramay, agar menda ham boylik bo‘lganida falonchining amalini qilardim, deydi. Bas, u niyatiga yarasha oladi. U ikkisining gunohi bir xildir” (Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati. Abu Iso Termiziy hadisning sanadini hasan-sahih, degan). 

 Haqiqiy mo‘min, xoh boy, xoh kambag‘al, xoh o‘rtahol bo‘lsin, Alloh taologa ibodat qiladi, yaxshilikka shukr qilib, musibatga sabr etadi. Boy yoki kambag‘al bo‘lish uni bandalik vazifalarini ado etishiga ta’sir qilmaydi. Boy bo‘lsa, hovliqib, kambag‘allik vaqtida tushkunlikka tushmaydi. Balki har biri Allohning taqdiri ekaniga aniq ishonadi. Doimo Allohga iltijo va duoda, U Zotning zikrida yuradi. 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Kiritildi: 21:45 31.08.2019. O'qildi: 12061 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!