Bomdod namozidan uxlab qolgan kishi yetarli dam oldim deb o‘ylaydi. Lekin bu bechora, bir necha daqiqa Alloh huzurida turishning lazzatini bilmaydi. Xohlaganingda uxlab, xohlaganingda uyg‘onib, namozning vaqtlariga e’tiborsiz bo‘lsang, demak mahzunlik girdobiga tushib qolibsan. Aslida namoz, dunyo va oxiratdagi rohat va yaxshilik manbasidir.
Sen Allohdan ko‘ra mehribonroqni topa olmaysan. Allohga qasamki, agar sajda qiluvchi o‘zini o‘rab turadigan rahmatni qay darajada ekanini bilganida, boshini sajdadan ko‘tarmas edi.
Bomdod o‘quvchi kimsalar muvaffaqiyatga erishganlardir. Yuzlari nurli, peshonalari yarqiragan, vaqtlari barakalidir. Agar sen ularning biri bo‘lsang, bu fazlga erishtirgani uchun Allohga hamd ayt. Agar ulardan biri bo‘lmasang Alloh seni ham ulardan biri qilishini so‘ragin.
Bomdod naqadar go‘zal ibodat! Uning farzini ado etish bilan Allohning himoyasiga kirasan. Sunnatini ado etish bilan dunyo va undagi yaxshi narsalarni qo‘lga kiritasan. Undagi o‘qigan Qur’oning guvoh qilinadi.
Zero, tonggi bomdod namozini o‘qish kecha va kunduz farishtalari hozir bo‘ladigan namozdir.
Hurmatli birodarim! Kim nima narsa uzra yashasa, shu narsa ustida vafot topadi. Kim bir narsa ustida vafot qilsa, o‘sha narsa ustida qayta tiriltiriladi.
Azon.uz