“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-917-son, 29.02.2024 y.) qabul qilindi.
🔰 Qonunga ko‘ra, bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
📜 Vakil o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.
🗓 Bola huquqlari bo‘yicha vakil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.
✅ Qonun bilan, bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari belgilab qo‘yildi, jumladan:
🔹mansabdor shaxslarga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirishlar yuborish;
🔹davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
🔹harakatlari yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish huquqiga ega.
🏢 Vakil har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilish holati haqida ma’ruza taqdim etadi.
▶️ Vakil bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi.
🌐 Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi.
📌Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.