Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev hozirda Vashington bilan muhokama qilinayotgan yirik iqtisodiy kelishuvga o‘zgartirishlar kiritishni so‘ramoqda.
Jurnalistlar tanishib chiqqan 60 sahifalik loyiha Qo‘shma Shtatlarga Ukrainaning kelajakdagi yirik investisiya loyihalari — infratuzilma va foydali resurslarni qazib olish sohasida cheksiz nazorat huquqini beradi.
Agar kelishuv hozirgi holatda imzolansa, AQSh Ukrainadagi yangi infratuzilma va qazib olish loyihalaridan olinadigan daromadning 50% ulushiga ega bo‘lishi hamda bu mablag‘lar rekonstruksiya bo‘yicha maxsus investisiya jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilangan.
Vashington 2022 yilning fevralidan beri Ukrainaga ajratilgan moddiy va moliyaviy yordamini ushbu jamg‘armaga bo‘lgan hissasi sifatida ko‘rayotgani aytilmoqda.
Kiyev esa bu kelishuv mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagiga putur yetkazishi va AQShdan harbiy va iqtisodiy yordam sifatida olingan barcha mablag‘larni qoplash majburiyatini yuklashi mumkinligidan xavotirda.
"28 mart kuni Ukraina rasmiylari AQSh rasmiylaridan bu shartnomadagi muhim bandlar bo‘yicha tushuntirish so‘ragan. Vashington Kiyevning xavotirlarini rad etmagan, bu esa AQSh muzokaralarga ochiq bo‘lishi mumkinligidan darak beradi", deya qayd etadi Bloomberg.