Bugun 8 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Biz dam olish, hordiq chiqarishni bilamizmi?

A A A
Biz dam  olish, hordiq chiqarishni bilamizmi?

Bahor va yoz fasllarida bahavo dam olish maskanlariga borish, yil bo‘yi yig‘ilgan charchoqlarni chiqarish, tabiat go‘zalligidan bahra olib, salomatlikni tiklashni kim ham istamaydi, deysiz? Hamma istaydi. Biroq, qon-qonimizga singib ketgan aqida bor - - dam olishni keksalikka qo‘yamiz. Ro‘zg‘or tashvishlaridan dam olish uchun pul orttirib bo‘ladimi?! , Uzatiladigan qizim, uylantiradigan o‘g‘limning to‘yiga yig‘inyapman, menga dam olishni kim qo‘ibdi? , Bu yil bolam o‘qishga topshiradi, topgan-tutganimizni repitetorga beryapmiz, dam olishga yo‘l bo‘lsin... , Imorat boshlab qo‘yganimizga ikki yil bo‘lyapti, bitgani yo‘q, dam olishga sarflanadigan xarajatni uyga xarj qilsak, shu yili ko‘chib o‘tarmidik... kabi hayot tashvishlaridan oshinib, yilda hech bo‘lmasa bir martagina sog‘ligimizni tiklash, hordiq chiqarish uchun vaqt va mablag‘ topishga jazm qilmaymiz. Aslida dam olishdan bizni to‘xtatib turadigan vajlarimiz ham jo‘yali tuyuladi, bir qaraganda. To‘g‘ri-da, to‘y boshlab qo‘ygan, imorati bitmayotgan, farzandi talaba bo‘lish ishtiyoqida bo‘lgan insonning ko‘ngliga dam olish qanday sig‘sin? Boz ustiga elimiz Bolam... deb yashaydigan bolajon xalq bo‘lsa... Biroq, yana bir haqiqat bor - - yaxshi yashash, mehnat qilish, orzularga erishish uchun ham inson vaqtida dam olib, salomatligini tiklashi, maroqli hordiq chiqarishi kerak. Katta ishlarni amalga oshirish uchun kuch-quvvat va yaxshi kayfiyat eng asosiy omillardan bo‘lsa, tinimsiz ishlagan, dam olishni unutgan insonda bu xususiyatlar qayerdan bo‘lsin? Xo‘sh, o‘zbek xalqi qachon dam oladi? Biz dam olishni bilamizmi? Bugungi mulohazalar shu xususida.

Onam dam olishni xohlamadi

Qishloqdan dugonamning onasi kelgan edi. Taniqli qo‘shiqchilardan biri konsert qo‘yayotgan ekan, dugonam onasini konsertga olib tushdi. Onasining ko‘nglini olayotgan dugonamga havas qilib men ham ota-onamni Poytaxtga chaqirtirishni, biror hafta aylantirib, teatr-konsertlarga olib tushishni niyat qildim. Dugonamdan konsert chiptalari narxini so‘ragandim, osmonu falakda parvoz qilayotgan narx-navolarni eshitib, shu pulga biroz qo‘shib, ota-onamni biror yaxshi sihatgohda davolanib, dam olishlari uchun yo‘llanma xarid qilishni mo‘ljalladim. Onamga qo‘ng‘iroq qilib, dadam bilan shaharga kelishlarini, biror sihatgohda 10-15 kun dam olib, salomatliklarini tiklab qaytishlarini, hamma xarajatlarni o‘zim qilishimni aytgandim, ko‘nmadilar.

  • Voy, qizim, qo‘ysang-chi, dadang ikkimiz soppa-sog‘miz, xudoga shukr. Sihatgohga pul sarflashning nima keragi bor? Kuzda ukangni uylantirmoqchimiz, to‘yga ham ozmuncha xarajat ketmaydi, axir. Bizga ataganingni olib qo‘y, to‘yga yordamlasharsan,- - dedilar. Nima deyishni bilmay qoldim. To‘g‘risi, ich-ichimdan achindim. Sihatgohga borib dam olsalar, ukamning to‘yiga ham qo‘l qovushtirib qarab turmasdim...

Shahlo, Toshkent shahri

Farzandlik burchi

Bir necha yillik ijarama-ijara sargardonlikda sabr qilganimiz mukofotiga o‘zimizga ham uy-joy nasib qildi. Uyimiz oldida sanatoriy-profilaktoriy bor ekan. Ko‘chib o‘tib, joylashish tashvishlaridan bo‘shab, birinchi qilgan ishim ota-onamni uyimiz oldidagi sanatoriyda davolanishga ko‘ndirish bo‘ldi. Olti farzandmiz, aka-ukalarimni yig‘ib, o‘rtaga pul tashlashib, ota-onamizni sanatoriyga joylashtirdik. O‘n to‘rt kunlik davolanishdan keyin ota-onamning quvonchini ko‘rib, bir yayradim-ki. Farzand bo‘lib shu paytgacha ota-onam uchun ro‘zg‘orimdan oshinolmaganimga xijolat chekdim. Qayta-qayta duo qilishdi. Soddagina onamning:

- - Qo‘ni-qo‘shni, tanishlarning sanatoriy, kurortlarda dam olganini eshitganimda Bizga ham shunday joylarga borish nasib qilarmikan,? deb orzu qilardim. Shukr, bolalarim sababli orzuim ushaldi, deb beozor bo‘lib kulganlarida, ichimdan zil ketdi. Biz uchun tinim bilmay ishlagan, xohlaganini yeb, xohlaganini kiya olmagan, yillar bo‘yi dalada ishlab, mol boqib olti farzandini ham oliy ma’lumotli qilib, o‘ziga munosib juftiga qo‘shgan ota-onamiz yetmishga borganlarida dam olishga erishibdilar. Bolamiz uchun, o‘zimiz uchun o‘rni kelsa pul ayamaymizu, shu darajaga yetgunimizcha, ne mashaqqatlarni boshidan kechirib, mehnatdan beri kelolmagan ota-onamizni ko‘p ham o‘ylamaymiz. Yoshligini bizga bag‘ishlagan ota-onalarimizni keksayganlarida o‘zlari uchun yashashlariga imkon yaratib berish biz farzandlarning burchimizdir.

Gulsum, Toshkent viloyati

Mulohaza: Ajoyib xalqmiz. Ishlashni, mehnat qilishni bilamizu, dam olishni bekorchilik deb hisoblaymiz. Hatto tanish-bilish, qarindosh-urug‘larimiz orasida o‘zini qadrlaydigan, vaqtida dam olishni unutmaydiganlari bo‘lsa, ularga ensamiz qotib: Qachon qarama, soya salqinda dam olib, o‘yin-kulgu qilishdan bo‘shamaydi! , deymiz. Vaholanki, o‘rni kelsa, avtomashinamizni, maishiy anjomlarimizni ta’mirlatib, davolaymiz , hatto qo‘l telefonimizning batareyasi charchab qolishini o‘ylab, avaylab ishlatamiz. O‘zimiz topgan, yetishish qiyin bo‘lmagan matohlarni qadrlaymizu, bir ketsa qaytib kelmaydigan sog‘ligimiz va quvvatimizning qadriga yetmaymiz. Sarflangan pulimizning o‘rnini to‘ldirishga urinamizu, kuch-quvvatimiz va sog‘ligimizni tiklashni ortiqcha xarajat hisoblaymiz. Buyuklardan biri achchiq kulgu bilan shunday degan ekan: Inson bolasining tabiati qiziq, umr bo‘yi sog‘ligini sarflab mehnat qiladi, pul topadi. Umrining oxirida yoshligida kuch-quvvatini ayamay topgan pullarini sarflab sog‘ligini tiklashga harakat qiladi. Ammo haligacha buni hech kim uddalay olmagan ...

Yaxshi mehnat uchun yaxshi hordiq kerak

Bir necha yillar oldin vodiy viloyatlari bo‘ylab xizmat safariga chiqqan edim. Farg‘ona viloyatidagi do‘stlarim hol-jonimga qo‘ymay dam olish maskaniga olib borishdi. Bozorlik qildik. Bir so‘lim maskanga borib so‘rilarni egalladik. Go‘sha gavjum, dam oluvchilar birin-ketin qozon osib, har xil tansiq taomlarni tayyorlab, hordiq chiqarishayotganini ko‘rib, shu yoshga kirib birinchi marta bunaqa joyga chiqqanimni o‘yladim. Haqiqatan asablar tinchlanib, kayfiyat ko‘tarilar ekan. Nega shu paytgacha buni bilmadim, deb o‘zimdan yozg‘irdim. To‘g‘ri, ishimiz ko‘p, hayot tashvishlaridan oshinib, ba’zan dam olish ko‘ngilga sig‘maydi. Lekin ish unumi bo‘lishi uchun vaqtida dam olishni ham bilish kerak ekan...

Sarvar, jurnalist

Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar (O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, 38-modda).

Mehnat ta’tili nima?

Ishga joylashilayotganida tuziladigan mehnat shartnomasida belgilangan ish vaqti muddati, dam olish va bayram kunlari haq to‘lanadigan mehnat ta’tili kafolatlanadi. Mehnat Kodeksining 133-moddasiga binoan, barcha xodimlar, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlayotganlarga ham mehnat ta’tili beriladi. Ta’tildan maqsad dam olish va ish qobiliyatini tiklashdir. Mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqtda xodimni, uning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin emas. Ta’til - - birinchi ish yili uchun 6 oy ishlaganbdan keyin beriladi. Ish yili mehnat shartnomasiga binoan ish boshlagan kundan e’tiboran belgilanadi.

Bilib oling!

Xalqaro Mehnat Tashkilotining Haq to‘lanadigan yillik ta’tillar to‘g‘risida gi 52-Konvensiyasiga ko‘ra, Haq to‘lanadigan yillik ta’tilga bo‘lgan huquqni istisno etuvchi yoki bunday ta’til olish huquqini bermaydigan har qanday kelishuv haqiqiy emas . Ta’til har yili, ish yili tugagunga qadar berilishi lozim.

Ta’til uchun qachon haq to‘lanadi?

Ta’til uchun haq to‘lash jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin ta’til boshlanmasdan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi.

Shuningdek, xodim istagan va o‘zi uchun qulay vaqtni tanlab, dam olish imkoniyatiga ega hisoblanadi.

Mutaxassis sharhi

Shahnoza Saidova, Tibbiyot fanlar nomzodi, shifokor:

  • Yilda hech bo‘lmaganbda ikki marotaba toza havo olish uchun tog‘li hududlarga borib turish inson salomatligi uchun juda foydali. Ayniqsa, tog‘da hordiq chiqarish, chang‘ida uchish, tog‘ havosidan tuyib nafas olish bronxial astma, allergiya, nafas olish a’zolari kasalliklari, jigar, yurak, asab, qon aylanish tizimi muammolarini bartaraf etadi. Bu yosh bolalar organizmini chiniqtirishga va ularning immun tizimini mustahkamlashga ham katta yordam beradi.

UNUTMANG:

*** Sanatoriyga borish uchun yashash joyidagi poliklinikada sanatoriy-kurort kartasini to‘ldirish kerak;

*** Yo‘llanma muddati 14 kun. Yo‘llanma narxiga uch mahal ovqatlanish va davolanish kiradi.

Yo‘llanma haqida

Sanatoriyda davolanish uchun imtiyozli yo‘llanmalar birinchi navbatda, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga hamda ularga tenglashtirilgan shaxslarga beriladi. Yo‘llanma olish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etiladi:

  • Bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilishga ko‘maklashuvchi markaz rahbarining nomiga ariza;
  • pasport nusxasi;
  • imtiyozga ega bo‘lish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
  • tibbiy xulosa.

***

Xodimga uch yilda bir marotaba yo‘llanma beriladi, bunda yo‘llanmalarni sotib olishga sarflangan xarajatlarni qoplash manbai ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari hamda yo‘llanmalar sotib olish uchun kasaba uyushma byudjetidan ajratiladigan maqsadli mablag‘lar hisoblanadi.

***

Shifokor xulosasiga ko‘ra, sanatoriyda davolanishi juda zarur bo‘lgan xodimga, kasaba uyushmasi tashkilotida yo‘llanma bor bo‘lgan taqdirda, sanatoriy-kurortlar yo‘llanmalari to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirilgan va xodimlarga berilgan sanatoriy yo‘llanmalari ro‘yxatiga kiritilgan holda yo‘llanma to‘liq qiymatiga berilishi mumkin.

***

Hududiy kasaba uyushmalari birlashmalari boshqa idoralarga qarashli sanatoriylar yo‘llanmalarini sotib olishlari mumkin, buning uchun bir qator shartlar to‘liq amalga oshirilishi kerak:

kasaba uyushmalari yo‘llanmalarining o‘rtacha bahosidan yuqori bo‘lmagan narxlarda;

kasaba uyushmalari sanatoriylari yo‘llanmalarini tasdiqlangan yo‘llanmalarni taqsimlash rejasiga muvofiq to‘liq olingan holda;

Sanatoriy-kurortlar boshqarmasiga avval olingan yo‘llanmalari uchun qarzlar to‘liq qaytarilganbda;

byudjetning sanatoriy-kurortda davolanish moddasi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar ortib qolgan taqdirda.

To‘lovlar

Yo‘llanmalarning qisman yoki to‘liq qiymatini to‘lash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

bank muassasalari orqali E’lon bo‘yicha naqd pul yoki plastik kartochka orqali birlashmaning ijtimoiy sug‘urta byudjeti hisob raqamiga to‘lanadi;

kasaba uyushma qo‘mitasi yoki tarmoq kasaba uyushmalari kengashi g‘aznasiga naqd pul to‘lanadi;

korxona buxgalteriyasi tomonidan xodimning arizasiga ko‘ra ish haqidan ushlab qolinadi.

***

Har bir yo‘llanma, berilgan muddat va unda ko‘rsatilgan shaxs uchun o‘z kuchiga ega. Sanatoriylarda davolanish ta’sirli bo‘lishi, sog‘liqni tiklashda yaxshi natijalar berishi uchun ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sotib olingan yo‘llanmalar bo‘yicha davolash muddati 14 kun qilib belgilangan. 7 kunda esa inson organizmi to‘liq davolanish jarayonini o‘tab ulgurmaydi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Go‘zal diyorimizning har bir viloyatida o‘ziga xos afzalliklarga ega dam olish va davolanish majmualari faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil bo‘yi mehnat qildingiz, ishladingiz, toldingiz. Yilda 14 kuningizni o‘zingiz uchun ajratib, hayot tashvishlari, turmush mashaqqatlari, mehnat zahmatlaridan chekinib dam oling. Salomatligingizni tiklang va yurtimizning yana-da gullab yashnashi uchun sog‘lom, baxtiyor hamda mamnun holda hissangizni qo‘shishda davom eting. Sizga maroqli hordiq va go‘zal halovatlar hamrohligini tilaymiz.

Umida ADIZOVA tayyorladi

Azon.uz

Kiritildi: 13:34 19.03.2019. O'qildi: 3706 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!