Bugun 15 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Birlashsak, balo qaytadi

Birlashsak, balo qaytadi

Bugun butun dunyo aholisining o‘y-xayoli, fikru zikri, turish-turmushini bir vahima, u ham bo‘lsa, koronavirus hadigi chulg‘ab olgan. Keksayu yosh, kattayu kichik, mulozimu raiyat – tirik jon borki tojsimon virusga yo‘liqmaslik choralarini ko‘ryapti.

Eng kulgilisi, 15 mart kuni O‘zbekiston hukumati o‘tkazgan brifingdan so‘ng ayrim odamlar o‘zini bozorlarga, do‘konlarga urishdi. Xuddi Qiyomat qoim bo‘layotgandek, oylarga, chorak, hatto yillarga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab olishdi.

Ba’zilar qanoatni unutib, rizq Allohdan ekanini, qirq yil qirg‘in bo‘lsa-da, faqat ajali yetgan o‘lishini unutib qo‘ygan ko‘rinadi…

Buyuk ajdodimiz Hakim Termiziyning “Navodir ul-usul” asarida keltirilgan voqea ham rizq Allohdan ekaniga dalolat qiladi. Oralarida Abu Muso, Abu Molik va Abu Omir kabi sahobalar bo‘lgan ash’ariylar karvoni Madinaga hijrat qilishdi. Manzilga ochlikdan sillasi qurib, bir alfozda yetib keldilar. Bir kishini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan yegulik so‘rab kelishga yuborishdi. Jo‘natilgan odam eshiklari oldiga kelganda ichkaridan janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning: “Erda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur…” oyatini tilovat qilayotganlarini eshitdi. O‘ziga o‘zi: “Allohga ash’ariylardan ham ko‘ra rizqlantirish osonroq biror jonzot yo‘q”, deya Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga uchramay qaytib ketdi.

Borib: “Xushxabar, sizlarga yordam kelmoqda!” deganida, sheriklari bu gapni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘mak va’da qilibdilar, deya tushunishdi. Shu payt ularning oldiga non va go‘sht to‘la idish ko‘tarib olgan ikki kishi keldi. Ash’ariylar undan to‘ygunlaricha yegach, taomdan ortib qolganini Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qaytaraylik, U Zot buni boshqa muhtojlarga bersinlar, deb kelishishdi. So‘ng barchalari janob Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldilariga borib, taom uchun minnatdorlik bildirishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Men sizlarga hech qanday yegulik yuborganim yo‘q”, dedilar. Bir sheriklarini Ul Zotning huzurlariga yuborganlarini aytishganida, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam o‘sha odamdan nima gapligini so‘radilar. U nima qilgani va sheriklariga nima deganini aytganida U Zot sallallohu alayhi va sallam: “Mana shu Allohning sizlarni rizqlantirganidir”, deya marhamat qildilar.

E’tibor bering-a, bu dunyoda ajali kelgan, rizqu nasibasi ko‘tarilgan odamning joni virus yoki boshqa yuqumli kasalliklarga bog‘liq emas! Yoki aksincha: umri tugamagan odamni hech qanday virus olib ketolmaydi!

Xo‘sh, shunday ekan, dinimiz ta’limotida har bir insonning ajali muayyan muddat etib belgilangan ekan, vahimaga tushishimizga, xavotirlanishimizga asos bormi?

Bolgariyalik olim-shifokor Veselin Yolov koronavirus tufayli ommaviy vahimaga tushishga aslo hojat yo‘qligini ta’kidladi. Hozir dunyo bo‘yicha 7 milliard aholidan vafot etganlar sanoqligina miqdorda. Sog‘ayganlar esa juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Vaholanki, ayni paytda dunyo miqyosida, internet ma’lumotlariga qaraganda, saratondan, yurak xurujidan, diabetdan, zararli hasharotlar chaqishi oqibatida, avtohalokatda va qotillik tufayli bir kunda ming-minglab odamlar hayotdan kuz yummoqda.

Insonni omadsizlikka, kasallikga, faqirlikga tushiradigan, duosini ijobatini to‘sadigan narsa ham – uning xatolari. Qancha ko‘p istig‘for aytsak, qancha ko‘p duo qilib Yaratganning O‘zidan so‘rasak, shuncha ko‘proq mushkullarimiz yengillashadi!

Ta’kidlash joizki, kishi musulmon bo‘lishi uchun Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, Qiyomat kuniga, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga hamda Qiyomat kuni tirilishga imon keltirishi shart. Demak, mo‘min-musulmonlarimiz yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekanligini unutmasdan, buning uchun vahimaga tushmasdan, to‘g‘ri yo‘l tutib, yanada jipslashib, rahbarlarning so‘zlariga qat’iy rioya qilishlari shart bo‘ladi!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi. Bu fatvoni muftiy hazratlari ommaviy axborot vositalari orqali barchaga o‘qib eshittirdilar.

Muhtaram Prezidentimizning boshchiliklarida davlatimiz, hukumatimiz xalqimizga doimo yaxshilikni ravo ko‘rib, turli salbiy holatlardan avaylab-asrab kelyapti, Xudoga shukrki, bu darddan ham xalqimizni xalos qilish uchun barcha zarur va kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga hammamiz guvohi bo‘lib turibmiz.

Yurtimizdagi har bir mo‘min-musulmon ortiqcha vahimaga berilib, sarosimaga tushmasdan, dinimizga ham, qonun-qoidalarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, sharqona odob-axloqimizga ham to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar qilmasdan, balki uning o‘rniga o‘zimizga ham, oila a’zolarimizga ham tozalik-ozodalikni lozim tutib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsak, inshoalloh, bu balo tezda yurtimizdan daf bo‘ladi.

Hozirgi oyimizning nomi taqvimlarda sha’bon oyi bo‘lib, ulug‘ ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan buyuk ajdodlarimizni yuksak ma’naviyatiga ega bo‘lgan dono xalqimiz necha asrlardan beri bu oyni “baroat oyi” deb ulug‘lab kelgan.

Janob Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sha’bon oyining kechasida Alloh taolo shunday marhamat qilishini aytganlar: «Qani, istig‘for aytuvchilar bormi, ularni mag‘firat qilaman?! Qani, rizq so‘rovchilar bormi, ularga rizq beraman?! Qani, boshiga mushkul ish tushganlar bormi, ularga ofiyat beraman?! Qani, biror narsa so‘rovchilar bormi, ularga so‘raganlarini beraman?!» (Imom Ibn Moja rivoyati).

Shuning uchun ham shunday ulug‘ fazilatli oyning hurmat-sharofatlaridan, muqaddas pok Islom dinimizga bo‘lgan beqiyos mehri yuzasidan, janob Payg‘ambarimizga bo‘lgan kamoli ehtiromidan va cheksiz hurmatidan ota-bobokalonlarimiz muborak fazilatli sha’bon (baroat) oyida tug‘ilgan farzand-nevaralarini «Barot», «Baroatullo», «Bo‘rot», «Baratbek», «Baroat», «Barotxon», «Muhammadjon», «Rasuljon», «Nabijon», «Omina» (onalari), «Oisha» (xotinlari), «Fotima» (qizlari) deb, shu oyning nomi bilan nomlab kelgan.

Baroat kechasida Alloh azza va jalla O‘zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi; bir yil ichida bo‘ladigan ishlar haqida qazoyu hukm qilinadi; amallar sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi; Alloh taolo mushrik, ginachi va silai rahmni uzuvchilardan boshqa barchani mag‘firat qiladi; Alloh taoloning rahmati Yer yuziga yog‘iladi, deb Janob Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar.

Endi bir fikr yuritaylik… Nega “oylarning podshosi” bo‘lgan, “oylarning sultoni” bo‘lgan ro‘za oyida emas, nega butun dunyodan musulmonlar bir joyga – Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Ka’batullohga – yig‘iladigan Haj oylarida emas? Balki aynan mana shu oyda?

Demak, bu oyning o‘zgacha xislatlari bor ekan! Demak, bu oyda Yer yuziga Alloh taolo o‘zgacha ilohiy nazari bilan, o‘zgacha rahmat nazari bilan qaraydigan oy ekan! Demak, bu oyda bandalariga Xudoi taolo tomonidan insonning aqli ojizlik qiladigan ko‘p yaxshiliklar, beqiyos ne’matlar, fayzu barakalar yog‘iladigan oy ekan! Hozirgi oylarimiz shunday ulug‘ fazilatli oylar ekan!

Mazkur buyuk, har bir banda uchun muhim va zarur hodisalar ham Xudoi taoloning inoyati ila aynan shu oyda sodir etilishi ham, albatta, bejizdan-bejiz emas! Bandaning Yaratgandan yalinib so‘rayotganlari ijobat buladigan oy ekan! Xudoga aytayotgan iltijolari mustajob bo‘ladigan oy ekan! Parvardigorga yolvorayotgan nolalari qabul bo‘ladigan oy ekan! Alloh taologa kechayu kunduzlari turli xil o‘rinlarda qilayotgan duolari maqbul bo‘ladigan oy ekan!

Baroat oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Baroat oyida nafl ro‘za tutish ham savobli ish hisoblanadi. Hadis kitoblarida keltirilgan ba’zi rivoyatlarda sha’bon oyida ro‘za tutganlarga ulkan savoblar va’da qilingan. Ko‘p hadislarda kelgan tavsiyalar ushbu muborak va ulug‘ oyning kechalarini toat-ibodatda, zikr va duolarda o‘tkazishga qaratilgan. Shuningdek, bu muborak oyda asosiy qilinadigan narsa tavba-tazarru ekani alohida ta’kidlangan. Alloh taolo baroat oyida, ayniqsa, gunoh ishlardan saqlanishga, mazkur oyni imkon qadar ko‘proq ibodat, zikrulloh bilan o‘tkazishga buyuradi.

Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak so‘zlarini shunday fazilatli oylarda eslasak, foydadan xoli bo‘lmasa kerak:

– Kim musulmonlarning dardini o‘z dardi deya bilmasa, ulardan emas (Imom Tabaroniy rivoyati);

– Eng fazilatli ibodat – boshiga tushgan bir qiyinchilikning ketkazilishini duo qilib kutishdir (Imom Termiziy rivoyati);

– Alloh taolo Undan hech narsa so‘ramaydigan (duo qilmaydigan)dan g‘azablanadi” (Imom Termiziy rivoyati);

– Sadaqa baloni qaytaradi;

– Kimki doimo Allohga istig‘for aytib yurar ekan, Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini unga ko‘rsatadi. Musibatlarini yengillashtiradi (ko‘taradi) va kutmagan tarafidan meros (ne’mat, rizq) jo‘natadi (Imom Abu Dovud rivoyati);

– Ikki duo borki, u duolar bilan Alloh orasida qabuli uchun hech bir parda yo‘q. Biri – mazlum(zulmga uchragan)ning duosi; ikkinchisi – mo‘minning boshqa mo‘min birodari haqiga qilgan maxfiy duosi;

– Duo boshga kelgan va kelmagan har narsaga qarshi foydalidir. Qazo(taqdir)ni faqat duo oldini oladi. Inchunun, duoga mahkam yopishing” (Imom Termiziy rivoyati).

Keling, muhtaram azizlar, bunday ulug‘ oyning fazilatli kunlarini bizlar ham g‘animat bilib, yurtimiz, xalqimiz, mahallamiz, oilamiz, qarindoshlarimiz, qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, yaqinlarimiz, Yer yuzidagi insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so‘raylik…

Iloho, jannatmonand yurtimizning tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, donishmand xalqimizning farovonligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan barcha xayrli, savobli ishlarda Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Parvardigori olam barcha bemorlarimizga shifo bersin! Iloho, xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Iloho, dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-kup omadlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘MI raisi o‘rinbosari

Kiritildi: 06:15 27.03.2020. O'qildi: 2574 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!