Bugun 28 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

“Bir sud – bir instansiya” tizimi sudlarda shaxs huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi

A A A
“Bir sud – bir instansiya” tizimi sudlarda shaxs huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Sud tizimini isloh kilishga qaratilgan keng qamrovli choralarga qaramasdan, sud faoliyatida hozirgi kunga qadar saqlanib kelayotgan muammolar ushbu sohadagi islohotlarni davom ettirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyulda “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli farmonining qabul qilinishi sud-xuquq tizimini takomillashtirish va liberallashtirish zaruriyati bilan asoslidir.

Mazkur farmon mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, odil sudlovni, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishni sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilab berdi.

Qayd etilgan Farmonga ko‘ra esa, ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilmoqda. Ya’ni,

- sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;

- tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;

apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassasiya tartibida takroran ko‘rib chiqish joriy etilmoqda.

Ushbu Farmon fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini sud orqali himoyaga qilishga, ularning takror-takror sudga murojaat qilib, uzoq va yaqin joylardan sudga kelib sarson-sargardon bo‘lmasligi oldini olishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari ushbu Farmon bilan:

- jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish;

-davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitasiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish;

-prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish;

-qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish joriy etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasini yangi bosqichga olib chiqib, fuqarolarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish va ularning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishga erishish, sud hokimiyati obro‘sini ko‘tarish barobarida, sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitusiyaviy normalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.

 

Nodirjon Raimqulov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi sudyasi

 

 

Kiritildi: 10:33 27.08.2020. O'qildi: 2287 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!