Bugun 25 noyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

BARCHASI MAKTAB PARTASIDAN BOSHLANADI: boshlang‘ich sinfda 4K modeli – zamonaviy ta’limga innovasion yondashuv

BARCHASI MAKTAB PARTASIDAN BOSHLANADI: boshlang‘ich sinfda 4K modeli – zamonaviy ta’limga innovasion yondashuv

Boshlang‘ich ta’lim – shaxs shakllanishi davrining eng muhim bosqichi. Bu davr bola ong ostida olamni anglash, tasavvur va bilimlar poydevorini tiklash pallasi bo‘lgani uchun ham nozik e’tibor talab etadi. Ayni shu pallada bola o‘zida «o‘quvchi shaxsi»ni yaratadi, maktabga va ta’lim olishga nisbatan qiziqishni, mehrni tuyadi, ilm yo‘lidagi kelgusi natijalar uchun kuch to‘plashni boshlaydi. Bu esa, zamonaviy pedagogika oldidagi doimiy va murakkab masala sifatida darsliklarning g‘oyaviy, tarbiyaviy va ma’rifiy saviyasiga jiddiy yondashishni talab etadi.

Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida o‘qitish metodikasini takomillashtirish vazifasi belgilangan. Shunga muvofiq, darsliklarni yangilash bo‘yicha muayyan ishlar bajarildi. Xususan, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida 1-4-sinf darsliklari yangidan “4K” modeli asosida tayyorlandi. “4K” modelidan foydalanish ko‘plab sinovlardan o‘tgan, muhimi, zamonaviy yondashuvdir. Biz avvallari bolalarning yozuviga ko‘proq e’tibor qaratganmiz, diktantlar yozdirganmiz.

Yangi tajriba bilan esa o‘quvchilarning tanqidiy fikrlashi, o‘z fikrini erkin bayon eta olishiga ko‘proq ahamiyat beriladi. Ushbu yangi zamonaviy maktab darsliklari innovasion yondashuvni taqdim etadi. Bu metodologiya bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan bo‘lib, to‘rt asosiy kompetensiyalarni o‘z ichiga oladi.

Kollaborasiya – darsliklar o‘quvchilarning jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradigan tarzda tuzilgan. Bu o‘quvchilarga hamkorlik qilish, samarali fikr almashish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini o‘rganishga ko‘maklashadi.

Kommunikativlik – darsliklar o‘quvchilarning boshqalar bilan muloqot qilish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. O‘quvchilar o‘z fikrlarini aniq va ravshan ifodalash, suhbatdoshni tinglash va tushunish, ma’lumotni yetkazishda til vositalaridan unumli foydalanishni o‘rganadilar.

Kreativ fikrlash – darsliklar ijodiy fikrlash va yangilik qilish qobiliyatini rivojlantiradi. O‘quvchilar o‘z maqsadlariga erishish uchun yangi yondashuvlarni qo‘llashni o‘rganadilar, innovasion yechimlar ishlab chiqadilar va ijodiy muammolarni hal qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.

Kritik fikrlash – ushbu metodologiya o‘quvchilarning axborotni tanqidiy baholash, o‘z fikri va mulohazalarini shakllantirish ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. O‘quvchilar muammolarga analitik nuqtai nazardan yondashishni o‘rganadilar va mantiqiy fikrlash asosida o‘z nuqtai nazarini shakllantiradilar.

Ushbu muhim kompetensiyalarni rivojlantirishga yordam berishni istasak, o‘quv jarayonini bolalar uchun qiziqarli va foydali tarzda tashkillashtirishimiz kerak. Maktabdagi har bir dars o‘quvchilar faqat fan mazmunini o‘zlashtiradigan emas, balki mustaqil bilim oladigan va qobiliyatini rivojlantiradigan jarayondir.

Boshlang‘ich sinflar uchun yangi darsliklar esa kelajagimiz egalari bo‘lmish yosh avlodni har tomonlama rivojlantiribgina qolmay, balki zamonaviy jamiyatga muvaffaqiyatli moslashish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni ularda shakllantirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

U. Jabborov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Kiritildi: 17:57 19.08.2023. O'qildi: 17333 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!