Bugun 26 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Bag‘dod Iroq Kurdistoni neft konlarini nazoratga olmoqchi

Bag‘dod Iroq Kurdistoni neft konlarini nazoratga olmoqchi

Bag‘dod Iroq Kurdistonidagi neft konlarini markaziy hukumat nazoratiga o‘tkazmoqchi.

Iroq bosh vaziri Ali al-Zaydiy mamlakatning to‘rtta viloyatidagi neft konlarini boshqarishni federal hukumat ixtiyoriga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Qaror Iroq Kurdistoni rahbariyatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi va Bag‘dod bilan avtonom mintaqa o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirishi mumkin.

24 noyabr, seshanba kuni e’lon qilingan qaror Diyala, Kirkuk, Salohiddin va Naynava viloyatlariga taalluqli. U Iroqning davlatga qarashli Shimoliy neft kompaniyasi tomonidan qazib olinadigan neft mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq yirik ehtimoliy sxemani tekshirishdan keyin qabul qilingan.

Iroq davlat axborot agentligi hukumat razvedka hisobotiga tayanib xabar berishicha, Kirkuk va Sulaymoniyadan noqonuniy olib chiqilgan neft Eronga, keyin esa Afg‘onistonga yetkazilgan. Reuters agentligi ushbu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini qayd etgan.

Iroq Kurdistoni bosh vaziri Masrur Barzoni Bag‘dodning neft resurslari va chegara punktlarini boshqarishni markazlashtirish to‘g‘risidagi qarorini rad etib, uni qabul qilib bo‘lmaydigan chora deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, federal hukumat vakillari avvalroq mavjud kelishmovchiliklar Konstitusiya asosida hal etilishini bildirgan.

Ayniqsa, kurd kuchlari qo‘riqlayotgan Xormala neft koni masalasi alohida ahamiyatga ega. Reuters bilan suhbatlashgan vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, mazkur kon ham yangi qaror doirasiga kiradi. Biroq kurd hukumati uni boshqarish huquqini federal Neft vazirligiga topshirishga qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

Al-Zaydiy neft ob’ektlaridan tashqari, Iroq Kurdistonidagi barcha chegara o‘tkazish punktlarini nazorat qilishni ham federal chegara xizmatiga topshirishni buyurgan. Avtonom mintaqa Turkiya, Eron va Suriya bilan chegaradosh. Shuningdek, u mintaqadan neft va neft mahsulotlari eksporti faqat federal Neft vazirligi orqali amalga oshirilishini talab qilgan.

Bag‘dod va kurd hukumati o‘rtasida neft daromadlarini taqsimlash, eksport va hududiy nazorat masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar ko‘p yillardan buyon davom etmoqda. 2017 yilda Iroq Kurdistoni mustaqilligi bo‘yicha o‘tkazilgan referendum markaziy hukumatning keskin qarshiligiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Bag‘dod Kirkuk va boshqa bahsli hududlar ustidan nazoratni qayta tiklagan.

Tahlilchilar fikricha, sentyabr oyida AQSh harbiylarining Iroqdan chiqib ketishi kurd rahbariyatining markaziy hukumat bilan munosabatlardagi mavqeini zaiflashtirgan. Ayni paytda al-Zaydiyning yangi qarorlari nafaqat kurd siyosiy kuchlari, balki Eron bilan aloqador nufuzli qurolli guruhlar manfaatlariga ham daxl qiladi.

Iroq bosh vaziri o‘z harakatlarini milliy boyliklarni himoya qilish va kontrabandaga qarshi kurash zarurati bilan izohlagan. Biroq neft sanoati va chegaralar ustidan federal nazoratni kengaytirishga urinish Bag‘dod hamda Iroq Kurdistoni o‘rtasida yangi siyosiy va konstitusiyaviy qarama-qarshilikni keltirib chiqarishi mumkin.

Kiritildi: 22:37 25.11.2026. O'qildi: 296 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik