Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Ayolning eri oldidagi asosiy burchlari

Ayolning eri oldidagi asosiy burchlari

Oilada ayollarning o‘z erlari oldida bir necha burchlari borligi shariatda Qur’oni rarim va Sunnat asosida bayon qilingan. Ayollarning bu bur-chlarini erkaklar emas, balki Alloh taoloning shariati belgilagandir.

1. Xotinning erga itoat qilmog‘i.

Islomda ayolning eriga itoat qilishi shariatga itoat qilishidir. Shuning uchun ham shariatga xilof ishlarda ayolning o‘z eriga itoat qilmaslikka to‘la haqqi bor.

Ma’lumki, har bir jamiyatning o‘z rahbari bo‘ladi. Rahbari bo‘lmagan jamiyatning jamiyatligi qolmaydi. Oila ham kichik bir jamiyat. Unda jamiyatning barcha belgilari mitti ko‘rinishda mavjuddir.

Oila hayotida boshliq vazifasini er ado etishini bugungi kunda barcha xalqlar bir ovozdan tasdiqlamoqdalar. Islomda erning oiladagi bu rahbarligiga «mas’uliyat» deb qaraladi. Lekin «oila boshlig‘i» degani, ba’zilar xayol qilganidek, oilaning boshqa a’zolariga jabr-zulm o‘tkazish, «aytganim-aytgan, deganim-degan» yo‘sinida «hokimi mutlaq» bo‘lish emas. Balki bu erning o‘z oilasining hamma tarafdan barkamol bo‘lib, saodatli, tinch-omon yashashiga oila boshlig‘i sifatida mas’ul bo‘lishidir.

Oila kichik bir jamiyat. Uning rahbari erkakdir. Binobarin, oilaning saodatli bo‘lishining shartlaridan biri erga itoatdir.

Ba’zi erkaklar buni mutlaq hokimlik deb anglaydilar. «Men nimani xohlasam, shu bo‘lishi kerak» deb, shar’iy huquqlarini suiiste’mol qiladilar, hatto ayollarga zulm qilish darajasigacha yetadilar va buni, o‘zlaricha, «shariat hukmi» deb talqin qiladilar.

Ba’zi ayollar esa, aksincha, erga itoat qilishni xoru zorlik, o‘zini pastga urish, mutelik deb tushunadilar-da, uni tan olmaydilar. Ana shunday sar-kashliklar natijasida orada tushunmovchiliklar kelib chiqadi.

Aslida esa unday emas. Avvalo, bu itoat cheklangan, chunki shariat qoidasi bo‘yicha, Alloh gunoh deb hisoblagan ishlarda bandaga itoat qilib bo‘lmaydi.

Masalan, ota-onami, ermi, boshliqmi, kim bo‘lmasin, harom, gunoh ishga buyursa, unga hech kim bo‘ysunmaydi. Qolaversa, oiladagi itoat erning oila rahbari sifatidagi hurmati yuzasidan bo‘ladigan itoatdir. Shuning uchun bu savobli ish oilaviy hayot doirasida va aql-idrok bilan ado etilishi shart.

Alloh taolo «Niso» surasida, eriga itoatkor ayollarning maqtovida quyidagilarni aytadi:

«Soliha ayollar – itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir» (34-oyat).

Ya’ni mo‘mina, soliha ayollarning tabiatida eriga itoatkorlik bordir. Biz «itoatkor» deb tarjima qilayotgan so‘z oyati karimada «qonitaatun» lafzi ila kelgan. Bu so‘z o‘z irodasi, rag‘bati va muhabbati ila davomiy itoat qilish ma’nosini anglatadi. Demak, mo‘mina, soliha ayolning o‘z eriga itoat qilishi qo‘rqqanidan, majburlikdan yoki boshqa biror boisdan emas, balki o‘z mas’uliyatini tushunganligidan kelib chiqqan bo‘ladi. Bu itoat o‘zini tushungan, hayotdagi o‘rnini, vazifasi va mas’uliyatini his etgan oqil insonning itoatidir.

Mo‘mina, soliha ayollarning ajoyib tabiatlaridan yana biri, ular:

«Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».

Ya’ni, erlari yonlarida turgan paytlardagina emas, biror sabab bilan oiladan uzoqda bo‘lgan chog‘larida ham ularning haq-huquqlarini, obro‘-e’tiborlarini, mol-mulklarini muhofaza qiladilar. Muhofaza qilishlari havoi nafsga muvofiq yoki o‘z fikrlaricha yohud erlarining talabiga binoan bo‘lmaydi. Balki, bu borada yagona hokim, huquq va burchlarni eng to‘g‘ri belgilab beruvchi oliy hakam – Alloh taolo bor. Shuning uchun ham oyatda «Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha», deyilmoqda. Bunday ayollar Alloh taolo hifz qilinishini amr qilgan narsalarni muhofaza qiladilar.

Imom Ibn Jarir Tabariy va Ibn Abu Hotim rahimahullohlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom:

«Ayollarning yaxshisi – nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoat etadigan va g‘oyib bo‘lsang, o‘z nafsida va molingda seni muhofaza qiladiganidir», – deganlar.

Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Agar qaysi bir ayol besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: «Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver», deyiladi», – deganlar.

Qays ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Hiyroga borib, ularning Marzubonlariga sajda qilayotganlarini ko‘rdim. (O‘zimcha) bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqliroqlar, dedim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, buni u zotga aytdim. Shunda u zot:

«Ayt-chi, bir qabrning oldidan o‘tsang, unga sajda qilarmiding?» dedilar.

«Yo‘q», dedim.

«Unday qilmanglar! Agar birovni birovga sajda qilishga amr qiluvchi bo‘lsam, Alloh ularga (erlarga) ular (xotinlar) ustidan bergan haqning sababidan ayollarni erlariga sajda qilishlariga amr qilgan bo‘lar edim», dedilar».

Abu Dovud, Hokim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Termiziyning lafzida: 

«Agar birovni birovga sajda qilishga amr qiluvchi bo‘lsam, xotinni eriga sajda qilishiga amr qilgan bo‘lur edim», deyilgan.

Er – oilaning rahbari. Agar ayol erning itoatida bo‘lsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi.

Ayolning eriga itoatsizligi esa, oilaning buzilishiga, boshqa ko‘plab noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Ushbu haqiqatni har bir musulmon oilaning har bir a’zosi yaxshilab tushunib olmog‘i zarur. Shu bilan birga, Alloh taologa gunoh bo‘ladigan ishlarda erga ham, undan boshqaga ham itoat qilish yo‘qligi umumiy qoida ekanini ham doimo yodda tutish kerak.

2. Huzurida eri bor vaqtda ayol kishi erning ruxsatisiz nafl ro‘za tutmasligi lozim.

Ayolning o‘z eri oldidagi ushbu burchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan olingan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ayol kishi uchun erining huzurida uning iznisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol emas», dedilar».

To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

Ayol kishining farz ro‘za tutishi uchun hech kimning izni kerak emas, lekin huzurida eri bor vaqtda erning ruxsatisiz nafl ro‘za tutmasligi lozim. Er g‘oyibligida tutsa, bo‘laveradi. Chunki har qanday paytda eri u bilan birga bo‘lishga rag‘bat qilib qolishi mumkin. Nafl ro‘za esa, bu ishga to‘siq bo‘ladi. Ayol kishi erining iznisiz nafl ro‘za tutib olgan bo‘lsa, er bundan bexabar, ayoli bilan birga bo‘lish istagida yonsa-yu, maqsadga erisha olmasa, orada kelishmovchilik, urush-janjal chiqishi mumkin. Bu narsaning bir necha marta takrorlanishi esa, yomon oqibatlarga olib borishi turgan gap.

Qarang, Islomda turmush o‘rtog‘ining shar’iy haqqi nafl ibodatdan ustun qo‘yilmoqda! Bu haqiqatni musulmonlar juda yaxshi tushunib yetmoqlari va unga og‘ishmay amal qilmoqlari lozim.

3. Ayol kishi erining ruxsatisiz begona odamni uyiga kiritmasligi shart.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ayol kishi uchun erining huzurida uning iznisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol emas», dedilar».

To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

Ayol kishining begona odamni erining ruxsatisiz uyiga kiritmasligi ham erning ayoldagi haqlaridan biridir. Chunki eri yo‘qligida uning uyiga kirgan odam tufayli oilaga katta zararlar yetishi mumkin. O‘sha odam yomon odam bo‘lsa, yolg‘iz ayolga yomon ko‘z bilan qarashi yoki tajovuz qilishi, oilaning sirlarini tashqariga olib chiqishi yoxud o‘sha odam eriga mutlaqo yoqmaydigan, unga dushman odam bo‘lishi mumkin.

O‘zini bilgan har qanday muassasa va tashkilot ham boshlig‘ining iznisiz o‘zining hurmatli joylariga har kimni kiritavermaydi. Oilaning muhtaram maskani bo‘lmish xonadonga, oila boshlig‘ining iznisiz, to‘g‘ri kelgan odamni kiritaverish ham erga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi.

Davomi bor...

Manba: islom.uz

Kiritildi: 10:49 23.05.2019. O'qildi: 38021 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!