Raxim (ismi o‘zgartirilgan) hayoti davomida biron-bir tayinli ishning boshini tutmadi. Bezorilik va voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb qilganligi uchun sudlanib ham chiqdi. Uch marta uylanishga ham ulgurdi. Uchinchi turmush o‘rtog‘i bilan ham hayoti davomida arzimas bahonalarni deb tez-tez janjalashadigan odat ham chiqardi.
Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, “Yuqori Avazboy” mahallasida 2020 yil 27 mart kuni shov-shuvli xabar tarqaldi, Nima emish, Raxim uchinchi turmush o‘rtog‘i Maloxatni (ismi o‘zgartirilgan) tesha bilan chopib o‘ldirib qo‘yibdi.
Aslida voqea qanday yuz berdi, uning yuz berishiga qanday sabab va omillar turtki berdi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida ko‘rib chiqilgan navbatdagi jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, Raxim 2020 yil 26 mart kuni tungi soat 02 larda Rishton tumani, “Yuqori Avazboy” mahallasidagi xonadonda bir yarim yoshlik farzandining yig‘isidan uyg‘onib ketadi. U turmush o‘rtog‘i Maloxatni farzandini qornini to‘yg‘izish uchun uyg‘otadi. Maloxat biroz erkalik qilibmi yoki uyqu kuchi bilanmi Raximning bu talabini rad etadi. Ammo, salbiy va tajovuzkor xulqqa ega bo‘lgan Raxim uchun turmush o‘rtog‘ining ushbu “raddiyasi” juda fojeali ko‘rinib, farzandini to‘yg‘azishni rad etgan turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro janjallashib, ayvonda bo‘lgan teshani olib kirib, teshaning oldi va orqa tomoni bilan Maloxatning bosh qismiga bir necha marta urib, uni qasddan o‘ldiradi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 2020 yil 8 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi tomonidan hukm o‘qilib, Raxim O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi, ya’ni qasddan odam o‘ldirishda aybli deb topildi.
Unga 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Xo‘sh, ushbu jinoyat ro‘y bermasligi, ikki nafar norasida farzandning onasi hayotdan bunday fojeali tarzda ko‘z yummasligi mumkin edimi?
Albatta, mumkin edi. Raxim va Maloxatlar yashayotgan mahalla faollari, profilaktika inspektori o‘z vaqtida ushbu oilada ro‘y berayotgan nizoli holatlarga o‘z munosabatini bildirib, ushbu nizoli holatlarni oldini olish uchun aniq choralar ko‘rganida mumkin edi.
Biroq, bunday choralar ko‘rilmadi. Ko‘rilsa ham, rasmiyatchilik uchun ko‘rildi. Natijada ikki norasida farzand onasiz, ota esa uzoq yillar panjara ortida.
Sud ushbu jinoyat sodir etilishiga olib kelgan sabab va omillarni bartaraf etish uchun xususiy ajrim chiqarib, ushbu muammoga tegishli mutasaddi organ va mansabdor shasxlar e’tiborini qaratdi.
O‘ylaymizki, kelgusida bunday qotillik jinoyatlariga olib keluvchi maishiy nizolar va muammolar o‘z vaqtida bartaraf etib boriladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi sudyasi B.Vaxobov