Bugun 19 oktyabr, 2019 yil, shanba

КИР

Avtoturargohlarning kar xizmatchilari hayoti xavf ostida!

Avtoturargohlarning kar xizmatchilari hayoti xavf ostida!

Kar va zaif eshituvchi kishilarning munosib va xavfsiz mehnat qilishga bo‘lgan huquqlari muntazam ravishda buzilmoqda, jamoatchilik esa bunga ko‘z yummoqda. Dilmurod Yusupov avtoturargohlarning kar xizmatchilari bilan suhbatlashib, ularning kundalik og‘ir ishlariga guvoh bo‘ldi.

8 sentyabr kuni menga Toshkent ippodromi avtoturargohida otishma sodir bo‘lgani haqidagi daxshatli xabarni yuborishdi. Avtoturargohning eshitish qobiliyati cheklangan xodimlariga g‘alati quroldan besh martadan o‘q uzilgan. Noma’lum shaxslar avtoturargohda faoliyat ko‘rsatayotgan kar xizmatchilarni ippodrom turargohida tutib olib, ushlab turgan holda ularga o‘q otishgan. Natijada eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan ikki yigit bo‘yin, ensa va hatto ko‘z sohasida bir necha o‘q jarohatlarini oldi. Biri o‘q yanog‘iga tegishi oqibatida ikki tishidan ayrildi. Boshqa o‘q esa ko‘ziga tegdi, ayni paytda uni jarrohlik amaliyotiga tayyorlashmoqda. Shifokorlarning fikricha, uning yana ko‘rish imkoniyati ellikka ellik.

2018 yilning 8 sentyabr kuni «Markaziy Ippodrom» OAJ avtoturargohining kar xodimlariga qurolli hujum jabrlanuvchilari. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan hodisa guvohining fotosi.

Xuddi shu kuni jabrlanuvchilar o‘zlari mustaqil Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga qadar yetib borishadi. Biroq tibbiyot xodimlaridan hech biri ularning birinchi yordam ko‘rsatish haqidagi imo-ishoralariga e’tibor qaratmaydi. Kar xizmatchilar o‘qdan yaralangan holda ichki ishlar xodimlari tezkor-qidiruv ishlarini olib borish uchun kelgunlariga qadar ikki soat davomida kutish yo‘lagida o‘tirishadi. Shundan keyingina jabrlanuvchilarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishga kirishishadi. So‘ngra yigitlarni shifoxonadan prokuraturaga olib ketishadi. Tuman ichki ishlar bo‘limida ularning arizasi rasmiylashtirilgandan buyon sukunat kuzatilmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari ishlari qanday natija bergani hozircha noma’lum qolmoqda.

Sodir bo‘lgan hodisa guvohlari menga jinoyat sodir etilgan joydagi video yozuvlari kuzatuv kameralari simsiz aloqa orqali ishlashi, o‘sha kuni kuchli shamol bo‘lgani sababli barcha uskunalar o‘chgani bois saqlab qolinmaganini xabar qilishdi. Jinoyat sodir etilgan kundan bir necha hafta o‘tganini hisobga olsak, avtoturargohning kar ishchilariga shifoxonada davolanish kursini o‘tash va shu bilan mazkur ishni yopish taklif etilmoqda, deyish mumkin. Biroq eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan kishilarni ishga joylashtirish sohasida to‘planib qolgan muammolar va ularga nisbatan munosabat mohiyatiga chuqurroq kirib borilsa, ularga qarshi qurolli bosqinchilik tasodifan sodir etilmagani va unga eltuvchi ildizlar allaqachon yetilganini tushunish qiyin ish emas.

Avtoturargohdagi kar ishchilariga hujum sabablari

Joriy yilning yozida imo-ishora tarjimoni bilan biz avtoturargohlarning kar ishchilari bilan suhbatlashish uchun poytaxtdagi bozorlardan birining avtoturargohiga yo‘l oldik. Jazirama issiqda turishning imkoni yo‘q edi va tarjimon ikkimiz turargohda besh daqiqadan ortiq qola olmadik. Bizning ishoralarimizga avtoturargohning kar ishchilaridan biri javob qaytarib, darhol menga savol bilan yuzlandi: «Siz bizga ish taklif qilish uchun zavoddan keldingizmi?» Kondisionerli avtomobilga o‘tirar ekanmiz, ushbu avtoturargohda faoliyat ko‘rsatayotgan kar ishchilarning bunday jaziramada to‘liq ish jadvaliga qanday dosh berayotganini aqlimizga sig‘dira olmadik.

Biz bozor turargohidan chiqib ketdik, chunki ularni ishdan qoldirish va og‘ir ishlariga halal berishni istamadik. Keyinroq ko‘p yillik ish tajribasiga ega avtoturargohdagi kar ishchilarning biridan intervyu olishga muvaffaq bo‘ldik:

«Sakkiz yildan oshdiki bozorda ishlayapmiz. Hozir sakkiz kishimiz va hech birimizda mehnat daftarchasi yo‘q. Karlar jamiyati orqali bir necha marta tuman hokimiyati va soliq inspeksiyasiga yozma murojaat qilib, bizlarni avtoturargohga rasman ishga joylashtirishlarini so‘radik. Biz patent va barcha soliqlarni to‘lashga tayyor edik. Biroq barcha murojaat va xatlarga qaramasdan, hech kim mehnatimizni ishonchli shaklda rasmiylashtirishni xohlamadi. Axir biz sakkiz yildan oshdiki shu avtoturargohda ishlab kelmoqdamiz».

O‘zbekiston Karlar jamiyati Toshkent viloyati boshqarmasi ko‘magida ular bir necha marta xuddi shunday iltimos bilan yuqori turuvchi davlat organlariga murojaat qilgan. 2017 yil 28 mart kuni «Ippodrom» sport majmuasi hududidagi sobiq tramvay liniyasidan bo‘shagan maydonda avtoturargoh uchun joy ajratish hamda eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan besh nafar erkakka u erda avtomashinalarga qarovchi bo‘lib ishlashga ruxsat berish to‘g‘risida Chilonzor tumani hokimi (o‘sha vaqtda Tohir Mirxidoyatov hokim edi, joriy yil aprelida uning o‘rnini Davron Xidoyatov egalladi — muallifdan) va «Markaziy Ippodrom» OAJ bosh direktori A’zam Izbosarovga xuddi shunday iltimos bilan murojaat qilindi.

Eng qizig‘i, ushbu eshitish qobiliyati cheklangan yigitlar ippodrom avtoturargohida 2009 yildan buyon norasmiy ravishda ishlab kelishmoqda. Men bilan suhbatda ular Chilonzor buyum bozori yaqinida joylashgan avtoyo‘lni o‘z kuchlari bilan tartibga keltirishgani, avtoturargoh hududini obodonlashtirishgani — avval tramvay liniyasi bo‘lgan yo‘lni tekislab, butun hududni chiqindilardan tozalashganini so‘zlab berishdi. Biroq, Karlar jamiyatining ko‘p sonli iltimoslariga qaramasdan, «Markaziy Ippodrom» OAJ ular mehnatini mehnat qonunchiligiga ko‘ra rasmiylashtirmadi. Aksincha, ippodrom rahbariyati ular bilan hamkorlik qilishni xohlamasdan, ulardan avtoturargoh hududini zudlik bilan bo‘shatib qo‘yishni so‘rashgan va nogironligi bo‘lmagan yangi avtoturargoh ishchilarini yollagan.

«Ular (eshitadigan avtoturargoh ishchilari — tahr.) begona yigitlar emas. Men ularga buyruq berdim (gap ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq haqida ketayotgan bo‘lsa kerak — muallif fikri). Meni to‘g‘ri tushuning, bu — davlatning yeri va men necha yil ularga (kar ishchilarga — tahr.) ishlashga imkoniyat berdim. Bu shuncha qo‘llab-quvvatlaganim uchun menga minnatdorchilikmi?! Ularning ishlashiga noqonuniy ravishda imkon berdik. Men o‘zim ularga ruxsat berdim. Axir ular qonuniy ishlashmaydi. Ular davlatga soliq to‘lashadimi? Ular hisob-kitob yurita olishmaydi», — deya izoh berdi «Markaziy Ippodrom» OAJ bosh hisobchisi Abdujabbor Uzoqov telefon orqali suhbatda.

«Direktor biz bilan suhbatda juda qo‘pol munosabatda bo‘ldi va bu bizning muammomiz ekanini aytdi. Nima uchun ippodrom rahbariyati bizni eshitishdan bosh tortishmoqda? Biz ham ular kabi odamlarmiz-ku axir. Nima uchun bizni eshitadiganlar va eshitmaydiganlarga ajratishmoqda? Nima uchun ular ishlashimizga ishonishmayapti? Axir biz avtoturargohdan o‘n yildan oshdiki hech qanday favqulodda hodisalarsiz ishlab kelayapmiz-ku!» — dedi qurolli bosqinchilikda jarohatlangan kar ishchilardan biri xafa bo‘lgan holda.

«Biz ko‘chanikimiz va hech kimga kerak emasmiz»

Ehtimol, ko‘pchiligimiz Toshkent avtoturargohlarida qishin-yozin qo‘lbola tayoqcha va hushtakli erkaklarni payqagandirmiz. Biroq nima uchun ular ko‘chada qolishdi ekan, deb savol beradiganlar kam. Shuningdek, nima uchun aynan eshitish bo‘yicha nogironligi bor kishilar avtoturargohlarni band qilishgan? Ayrimlar nazarida ular haydovchilardan pul undiradigan oddiy ko‘cha tilanchilaridek ko‘rinar ehtimol. Boshqalar ularga achinganidan qo‘llariga mayda pul tutib ketishlari mumkin. Lekin hech kim ularning yashash sharoitlari va ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Men ochiqchasiga suhbatlasha olgan avtoturargoh kar ishchilaridan biri o‘z mehnat faoliyatini 1988 yilda Karlar jamiyati qoshidagi o‘quv-ishlab chiqarish korxonalaridan (O‘ICHK) birida boshlaganini so‘zlab berdi. Uch yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin u korxonani tark etadi va turli ishlarda tirikchilik qilishni boshlaydi. 2000-yillardan boshlab esa avtoturargohda ishlay boshlaydi. U necha yillardan buyon norasmiy ishlab kelayotgani va hozirda keksalikda ishonchli pensiyani rasmiylashtirish uchun yetarli ish stajiga ega emasligidan o‘kinadi.

«Avtoturargoh egalari biz kar bo‘lganimiz uchun rasman ishlay olmasligimizni aytishadi. Biroq biz necha yillardan beri ishlab kelayapmiz, o‘zimiz avtomobil hayday olamiz. Biz ko‘cha odamlarimiz, hech kimga kerak emasmiz», — deya o‘kinadi avtoturargoh kar ishchisi men bilan suhbatda.

Ma’lum bo‘lishicha, poytaxt avtoturargohlarida u bilan birga hududlardan — Surxondaryo, Farg‘ona, Andijon va boshqa viloyatlardan kelgan eshitish bo‘yicha nogironligi bor kishilar ham ishlashadi. Ular Toshkentda yomon yashash sharoitlariga ega ijaraga olingan kvartiralarda guruh bo‘lib yashashadi. Ularning ishlash va ehtimoliy favqulodda hodisalardan himoyalanish tamoyili «bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun» shioriga asoslanadi. Agarda avtoturargohda avtomobil qirilsa yoki to‘qnashuv sodir bo‘lsa, yoki avtoturargohda qoldirilgan mashinadan buyumlar yo‘qolsa moliyaviy javobgarlik bu erda ishlayotgan barcha kar xodimlar zimmasiga yuklatiladi. Bunday hodisalar esa oyda eng kamida bir marta sodir bo‘lib turadi.

Buxoro viloyatidan kelgan ishchilardan biri umrining so‘ngiga qadar avtoturargohda ishladi. Yaqinda u vafot etdi. Jigar saratoni xastaligiga chalingan ekan. Eshitish qobiliyati cheklangan do‘stlarimizdan uch nafari «kasb kasalliklari» sababli hayotdan ko‘z yumishdi, dedi menga suhbatdoshim. Tibbiy yordam olishni cho‘ntaklari ko‘tarmaydi va avtoturargohlarda ishlayotgan kar xodimlarning ko‘pchiligi so‘nggi nafasi qolgunga qadar ishlaydi. Agar kasal bo‘lib qolsa, u har qanday yordam va puldan quruq qoladi. Shuning uchun avtoturargoh kar ishchilari yozning jaziramasiyu qishning qahratonida ham salomatligini xavf ostida qoldirib ishlashga majbur. Quyosh ostida doimiy ravishda turgan holda ko‘zlarini quyosh nurlaridan himoyalamaganlari sababli ularning ayrimlari hatto ko‘z nurlarini yo‘qotmoqda. Hatoki ulardan biri avtoturargohda ishlar ekan, ko‘z nuridan butunlay mahrum bo‘lib, ham ko‘zi ojiz, ham kar kishiga aylandi.

Ishsizlik va mehnat bozoridagi kamsitishlar

Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining (TMEK) nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomasida kasbiy va mehnat faoliyati bo‘yicha xulosa va tavsiyalar beriladi. Bu avvalo eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlar «maxsus sharoitlarda ishlashlari mumkin» ekanini anglatadi. Bundan O‘zbekiston Karlar jamiyati qoshida haligacha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan karlarning ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari nazarda tutiladi. Respublika bo‘ylab o‘nlab shu kabi korxonalarda jami 240−250 nafar kar va zaif eshituvchi insonlar mehnat qilmoqda.

«Karlar eng ko‘p Toshkentdagi 1-sonli va Andijondagi O‘ICHKda — 80 kishidan mehnat qilmoqda. Viloyatlardagi qolgan O‘ICHKlarda o‘rtacha 20 nafardan kar ishchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqanddagi O‘ICHK uzoq muddatdan buyon ishlayotgani yo‘q. Xo‘jaylidagi O‘ICHKning katta binosi sobiq ittifoq davrida qurilgan, biroq korxona to‘liq quvvatlarda ishlayotgani yo‘q — 5−6 kishi mehnat qilmoqda xolos. Qashqadaryoda joylashgan O‘ICHK viloyat hokimiyati yordami bilan hozirda yana faoliyat ko‘rsatishni boshladi. Biroq Karlar jamiyatining barcha O‘ICHKlari viloyat markazlari va yirik shaharlarda — Qo‘qon, Namangan, Samarqand, Buxoro va Qarshida joylashgan. Guliston, Farg‘ona, Navoiy va Termizda esa hech qanday ixtisoslashgan ishlab chiqarish yo‘q», — dedi O‘zbekiston Karlar jamiyati Markaziy Boshqaruvining reabilitasiya ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Inog‘omov Mag‘rubjon.

Karlar jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil holatida mamlakatda rasman 21600 kishi eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 5700 nafari ixtisoslashgan maktab-internatlarida tahsil olmoqda. Bugungi kunda Jamiyatga 10100 kishi a’zo bo‘lgan. Ushbu raqamlardan kelib chiqib aytish mumkinki, mamlakatda eshitish bo‘yicha nogironligi bor insonlarni ishga joylashtirish uchun maxsus ishchi ish o‘rinlari yetishmovchiligi sezilmoqda. Avtoturargohlarning kar xizmatchilari ham aynan O‘ICHKlarda ish o‘rinlari yo‘q ekanidan shikoyat qilishdi. Hatto ish o‘rinlari bo‘lgan taqdirda ham, ular taklif etilayotgan maosh va mehnat sharoitlaridan norozi.

«Oyliklar har joyda har xil. Masalan, Andijondagi O‘ICHKda yaxshi ishlashayotgani va oylik maoshlari me’yorida ekanini aytishdi. Toshkentdagi 1-sonli O‘ICHK mebel sexida 1 mln so‘mdan ko‘proq maosh olishadi. Qog‘oz sochiqchalar ishlab chiqarish sexida ishlayotgan ayollar esa kamroq oylik olishadi. Menga tez-tez avtoturargohlarning kar ishchilari murojaat qilib, ularni ish joyidan haydayotganlarini aytishadi. Mana bugun ham men kafe ma’muriyatiga ularning avtoturargohi bo‘yicha yozdim. Kar ishchilar ularni haydayotganlari, o‘rniga sog‘lom, eshitadigan odam kelganidan shikoyat qiladi. Kar ishchilarga alam qiladi, albatta. Ularga korxonaga ishga kirishni taklif qilaman. Firmalardan ishga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflar bor. Biroq ular rozi emas. Korxonalardagi mehnat sharoitlari ularni qanoatlantirmaydi. Oylik 1 mln so‘mga yaqin. Avtoturargohda ular ko‘proq topishadi. Va biz bular uchun ularni ayblay olmaymiz. Odam yaxshiroq joyni izlaydi. Karlar bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida dunyoga kelganlari uchun aybdor emas», — deydi O‘zbekiston Karlar jamiyati Toshkent viloyat boshqarmasi raisi Lyubov Inogamova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari Chkalov nomidagi Toshkent aviasiya ishlab chiqarish birlashmasi kabi yirik korxonalarda 450 nafargacha kar odamlar ishlagan. «Toshqishloqxo‘jalikmash» zavodida — 250 kishi. Toshkent traktor zavodida — 70 kishi. Toshkentdagi 1-sonli O‘ICHKda 500−700 kishi band bo‘lgan. Qishloq joylaridan kelganlarga yotoqxonalarda joy berilgan. Hozir esa viloyatlardagi O‘ICHKlar qoshida tuman va qishloqlardan kelgan kar ishchilar uchun yotoqxonalar yo‘q.

Avtoturargohlarning kar ishchilari bekorga menga ko‘plab eshitish bo‘yicha nogironligi bor kishilar aynan Termiz va Farg‘onadan poytaxt avtoturargohlarida ishlash uchun kelishini aytishmagan, chunki u erlarda karlar uchun O‘ICHKlar yo‘q. Eng daxshatlisi — avtoturargohlarda nafaqat erkaklar, balki kar ayollar ham ishlashga majbur. Ular, shuningdek, ko‘p hollarda yer osti o‘tish yo‘llari va boshqa jamoat joylarida o‘tkinchilarga o‘z vaznini tortib ko‘rishni taklif qilib tirikchilik qilishga majbur bo‘lmoqda.

«Kar odamlar ish izlashda ulkan qiyinchiliklarga duch keladi. Karlarni korxonalarga qabul qilishmaydi. Eshitishmaydi, so‘zlay olishmaydi, yaxshi ta’lim olmagan, yuqori oylik to‘lanadigan malakali ishlarda ishlay olmaydi. Karlarning nogironlik pensiyasi juda oz, yashash va oila, bola-chaqa boqishga yetmaydi. Karlar oilalarida odatda erning ham, xotinning ham eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘ladi. Yosh bolalari bo‘ladi. Bolalar o‘sishi, kiyinishi va o‘qishi kerak. Bularning barchasi uchun to‘lash kerak. Jismonan sog‘lom bo‘lgan kar erkaklar o‘z imkoniyatlari bo‘yicha ishlashni va qo‘llaridan kelganlaricha pul topishni xohlashadi. Jumladan, avtoturargohlar ishchilari ham», — deyiladi Karlar jamiyatining «Markaziy Ippodrom» OAJga yo‘llagan maktubida.

Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlar nafaqat milliy, balki tashqi mehnat bozorlarida ham to‘siqlarga duch kelmoqda. Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi xorijda — Rossiya Federasiyasi, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda mehnat faoliyatini olib borishlariga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishda O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Biroq kar odamlar eshitadigan mehnat muhojirlari bilan teng ravishda ushbu huquqni amalga oshira olmaydilar. Agentlikda mutaxassislik va tegishli kasb egasi bo‘lmaganlari uchun karlarga rad javobi berilmoqda. Aksariyat eshitish bo‘yicha nogironligi bor erkaklar ta’lim olmagan, avtoturargohlarning ba’zi kar ishchilari kasbiy tayyorgarlikni qo‘ying, hatto yozishni ham, o‘qishni ham bilmaydi.

Shusiz ham aholining ijtimoiy zaif toifasi — nogironligi bo‘lgan odamlar, — kar kishilar ko‘cha avtoturargohlarida og‘ir va xavfsiz bo‘lmagan sharoitlarda ishlagan holda o‘zlarini yanada kattaroq xatarlarga duchor etmoqdalar. Ular mehnatining davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan himoyalanmagani ularni yanada zaif ahvolga tushirmoqda. Avtoturargohlarni ko‘plab kar erkaklar uchun boyishning oson yo‘li deb qarash noto‘g‘ri. Ular ishsizlik sababli — ayniqsa hududiy O‘ICHKlarda ish o‘rinlarining yetishmasligi, umumiy mehnat bozorida nogironlik alomatlari bo‘yicha kamsitish, savodsizlik hamda yomon ta’lim yoki hatto uning mavjud emasligi ortidan avtoturargohlarga chiqishga majbur bo‘lishmoqda.

Nogironligi bo‘lgan odamlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi

Nogironligi bo‘lgan odamlarni ish bilan ta’minlash bugungi kundagi eng o‘tkir ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston Karlar jamiyati yakka holatda mehnat yoshidagi barcha kar va zaif eshituvchi odamlarni ish va munosib mehnat sharoitlari bilan ta’minlay olmaydi. Jamiyatning tuman hokimiyatlariga yozma murojaatlari hech qanday e’tiborsiz qolayotgani ham mutasaddi rahbarlarning munosabati qanday ekanini ko‘rsatadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqindagi qarori sharofati bilan 23 avgustdan bozor iqtisodiyoti sharoitida nogironligi bo‘lgan odamlar korxonalarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha choralar qabul qilindi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan xodimlari soni umumiy shtatning 50 foizidan hamda ular mehnatiga to‘lov fondi umumiy fondning 50 foizidan kam bo‘lmagan korxonalar daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat, mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod qilinadi, ularga nisbatan, shuningdek, yer solig‘ining pasaytirilgan stavkasi ham tatbiq etiladi. Qo‘shimcha ravishda, davlat buyurtmachilariga bunday korxonalardan Moliya vazirligi bilan kelishgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari tasdiqlagan ro‘yxat bo‘yicha tovarlar (ish, xizmatlar) sotib olishda kvotalar taqdim etiladi.

«Nogironlarning ijtimoiy himoyalanganligi to‘g‘risida"gi qonunda davlat organlari hamda 20 nafardan ortiq kishi bandligi ta’minlangan xususiy sektor va jamoat tashkilotlari ishchi-xodimlarining eng kamida 3 foizi miqdorida majburiy kvota ko‘zda tutilgan. Biroq amaliyotda hatto davlat organlari ham nogironligi bo‘lgan odamlarni ishga olmagan holda qonunlarga rioya etayotgani yo‘q. Aks holda ular birinchi bo‘lib kichik va o‘rta biznes uchun ham chiroyli namuna ko‘rsatgan bo‘lar edi. Agarda davlat organlari ning o‘zlari qonunni buzib, buning ustiga jazosiz qolsa (kvotani to‘ldirmaganlik uchun ma’muriy jazo chorasi ko‘zda tutilgan — muallif), xususiy korxonalardan nimani kutish mumkin?

2018 yilning 11 iyun kuni qabul qilingan boshqa bir prezident qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat birlashmalari va tadbirkorlik sub’ektlari nogironligi bo‘lgan shaxslarni to‘laqonli ravishda ishga jalb qilmayotgani qayd etildi. Qaror bilan shtat xodimlarining eng kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan korxonalarga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar joriy etildi. Savdo-sanoat palatasiga NNTlar bilan birgalikda ushbu imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, nogironlik alomatlari bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ular buzilgan taqdirda, so‘zsiz javobgarlikka tortish topshirildi.

Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi asosiy qaroriga muvofiq, Sog‘liqni saqlash, Moliya, Adliya, Mehnat, Iqtisodiyot vazirliklari va Davlat soliq qo‘mitasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish vazifasi yuklatildi. Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri — nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini tashkil etishdan iborat edi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha 3 foizlik kvota ajratish talabini bajarmaganlik uchun qonunchilikda ko‘zda tutilgan jarimalar jamg‘armaning asosiy daromad manbai etib belgilangan. Biroq jamg‘arma hisobiga ma’muriy jarimalardan qancha mablag‘ kelib tushgani haligacha ma’lum emas.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan odamlar va aholining boshqa ijtimoiy zaif toifalarini ijtimoiy himoya qilish sohasida nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarning huquq va manfaatlari uchun kurasha oladigan yagona muvofiqlashtiruvchi organning mavjud emasligi ijtimoiy sohada yig‘ilib qolgan muammolarni samarali va kompleks hal etishga kirishilmayotganining asosiy sabablaridan biridir. Ijtimoiy himoya qilish vazifasi ko‘plab vazirlik va idoralar o‘rtasida taqsimlangan bo‘lib, ularni ish bilan ta’minlash hamda mehnat bozorida qulay sharoitlar yaratish uchun kim javobgarlikni zimmasiga olishi tushunarsiz.

Kar insonlar muammosiga loqaydligimiz nimasi bilan xatarli?

2019 yil 1 iyun kuni «Gazeta.uz» so‘rovi bo‘yicha taqdim etilgan Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida ro‘yxatga olingan eshitish va buzilishning boshqa turlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlar soni keltirilmagan, faqatgina nogironlik guruhlari bo‘yicha jadvaldan iborat statistika berilgan. Avtoturargohlarning kar ishchilari bilan suhbatda ularning ba’zilari nogironlik guruhiga ham ega emasligi va tegishli ijtimoiy nafaqalarni olmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan davlat organlari uchun «ko‘rinmas» holga keltirgan. Bu, shuningdek, ishonchli va to‘laqonli statistik ma’lumotlar asosida samarali va barchani qamrab oluvchi ijtimoiy siyosatni ishlab chiqishga to‘sqinlik qilmoqda.

TMEK organlarining amaldagi ro‘yxatga olish tizimi ijtimoiy himoya qilishning sovetcha tizimi asoratlari hisoblangan nogironlikni mehnatga layoqatsizlik sifatida belgilashga asoslanadi. TMEKning nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomasidan o‘rin olgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning faqatgina ular uchun maxsus yaratilgan sharoitlarda ishlashi mumkin degan yozuv nogironligi bo‘lgan shaxslarni umumiy mehnat bozorida kamsitmoqda. Ish beruvchi mazkur yozuvni o‘qiganidan so‘ng, garchi eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan kishi jismonan sog‘lom va nogironligi bo‘lmagan boshqa odamlar qatorida tengma-teng ishlashga tayyor bo‘lsa ham, uni ishga olish huquqiga ega emasligini aytishi mumkin.

Abdujabbor Uzoqov — «Markaziy Ippodrom» OAJ bosh hisobchisining so‘zlari ham eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlarning ishchanlik qobiliyatlari to‘g‘risidagi uydirmalar va to‘qib chiqarilgan stereotiplar mavjudligidan dalolat beradi. Aks holda qariyb o‘n yildan buyon mehnat qilib, o‘z ishini yaxshi eplayotgan bo‘lishsa, ham nima sababdan ippodrom rahbariyati ularni avtoturargohdan haydab solmoqda? Axir Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasida nogironligi bo‘lgan odamlarning mehnat huquqi nogironligi bo‘lmagan boshqalar bilan teng ekani ta’kidlangan-ku.

«Bandlikning har qanday shakllarida, jumladan, ishga qabul qilish, yollash va bandlik, ish joyini saqlab qolish, xizmat lavozimida ko‘tarilish hamda xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlariga taalluqli barcha masalalarga nisbatan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish taqiqlanadi», — deyiladi O‘zbekiston 2009 yilda imzolagan, biroq haligacha ratifikasiya qilmagan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 27-moddasida.

Avtoturargohlardagi kar ishchilarning mashaqqatli faoliyati mehnat qonunchiligiga muvofiq ravishda rasmiylashtirilishi, ularning barcha bilan barobar mehnat qilgan holda hayot kechirishga bo‘lgan huquqlari ta’minlanishi shart. Davlat va jamiyatning bu ijtimoiy muammoga loqaydligi kelgusida poytaxtimiz ko‘chalaridagi hayot uchun kurash chog‘ida yanada og‘ir va qayg‘uli holatlarni keltirib chiqarishi hech gap emas. Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlarning milliy mehnat bozoriga kiritilmasligi jamiyatda ijtimoiy keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin. Bu singari musibatlarning asosiy manbasi esa ishsizlik hamda mamlakatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun munosib ish joylarining mavjud emasligidadir.

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti.

Manba: gazeta.uz

Kiritildi: 13:42 04.10.2019. O'qildi: 1228 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!