Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa La Liganing 38-turi doirasidagi «Atletik»ka qarshi o‘yindan so‘ng o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi.
Arbeloa yanvar oyi o‘rtalarida Xabi Alonsoning o‘rnini egallagan edi. «Madrid» ushbu mavsumni sovrinlarsiz yakunlamoqda. Yaqin orada jamoani o‘z faoliyatida ikkinchi bor Joze Mourinyo boshqarishi kutilmoqda.
«Ha, men ketyapman. Men kimdir majbur qilgani uchun emas, balki o‘zim ishongan ishlarni qildim. Kelgan paytimda jamoa qanday holatda ekanini va nimalarga duch kelishimni bilardim. Agar hammasini boshidan boshlaganimda, barchasi boshqacha bo‘lardi. Lekin menga shunday qismat nasib etdi va qo‘limdan kelgan eng yaxshi ishni qilishga harakat qildim. O‘zim xohlagandek emas, balki imkoni bor eng yaxshi yo‘l bilan. Biz ko‘p narsani yaxshi uddaladik va erishgan natijalarimizdan mamnunman.
Umid qilamanki, biz yana ko‘rishamiz. Men har doim «Madrid»ni o‘z uyim deb bilganman. Bu yerda 20 yil davomida bo‘ldim — ha, bu mening uyim», — dedi Arbeloa.