3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh tomonidan Venesuelada o‘tkazilgan harbiy amaliyot oqibatida tinch aholi va harbiy xizmatchilar orasida kamida 40 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda The New York Times nashri mahalliy yuqori martabali mulozimlardan biriga asoslanib xabar tarqatdi.
Gazeta o‘z materialida amerikaliklarning Karakas bo‘ylab zarbasi va Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bo‘yicha ayrim tafsilotlarni keltirgan.
Pentagon rasmiylariga ko‘ra, missiyaga 150 dan ortiq harbiy samolyot, jumladan, qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar jalb etilgan. Hujum boshlanganida ular AQSh harbiy dengiz kuchlarining kemalaridan va boshqa turli harbiy bazalardan havoga ko‘tarilgan.
Ushbu amaliyot kiberhujum bilan boshlangan, buning natijasida Karakasning katta qismida elektr ta’minoti o‘chirilgan. Bu esa samolyotlarga shaharga sezdirmay yaqinlashish imkonini bergan.
Aviasiya poytaxt bo‘ylab davomli zarbalar yo‘llagan. AQSh prezidenti ma’muriyati vakilining ma’lum qilishicha,, asosan radiolokasiya qurilmalari va radiouzatish minoralari ishdan chiqarilgan.
Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores «Delta Fors» guruhi jangchilari tomonidan qo‘lga olingan – bu AQSh qurolli kuchlarning maxsus vazifalarni bajaruvchi elita bo‘linmasi hisoblanadi.