AQSh "Islomiy davlat" bilan aloqadorlikda gumon qilingan uch kishini Rossiya va Tojikistonga qaytarib yubordi. Bu haqda CBS News xabar bermoqda. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida Los-Anjeles, Nyu-York va Filadelfiya shaharlarida polisiyaning muvofiqlashtirilgan reydlari chog‘ida sakkiz nafar Tojikiston fuqarosi qo‘lga olingan, ulardan maqsad ehtimoliy teraktni dastlabki bosqichda to‘xtatish bo‘lgan. Uch nafar mahbus allaqachon mamlakatdan chiqarib yuborilgan, yana to‘rt nafari yaqin haftalarda Markaziy Osiyoga jo‘natiladi. Sakkizinchi mahbus sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda uning ishi bo‘yicha immigrasiya sudida qaror kutmoqda. CBS News manbalariga ko‘ra, u o‘z vatandoshlari taqdirini takrorlashi mumkin. Nashrning yozishicha, Tojikiston fuqarolariga qo‘shimcha ayblovlar, jumladan, terrorizm bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilmagan, chunki ularni deportasiya qilishga qaror qilingan.