"Men barcha qarorlarni shaxsan o‘zim qabul qilganman", — dedi Bayden. Uning aytishicha, u ayrim hujjatlarni imzolashda xodimlariga avtoperodan foydalanishni buyurgan, chunki "gap juda ko‘p qarorlar haqida borgan".
2025 yil mart oyida amaldagi prezident Donald Tramp Bayden tomonidan avtopero bilan imzolangan afv etish to‘g‘risidagi qarorlar haqiqiy emasligini va kuchga ega emasligini aytgandi. "Boshqacha aytganda, Jo Bayden ularni imzolamagan, bundan ham muhimi u mazkur hujjatlar haqida hech narsani bilmagan!" — degan edi Tramp.
Reuters agentligining xabar berishicha, iyun oyida AQSh Adliya vazirligi Jo Bayden tomonidan imzolangan afv etishga doir qarorlar yuzasidan tergov boshlagan. Mazkur tergov Bayden o‘sha vaqtda aqli raso bo‘lganmi va uning xodimlari avtopero yordamida hujjatlarni imzolash imkoniyatidan suiiste’mol qilganmi, yo‘qmi shuni aniqlashi kerak.
The New York Times'ga ko‘ra, Kongressdagi respublikachilar bu ish bo‘yicha Oq uyning sobiq xodimlarini so‘roqqa chaqirmoqchi. Ularning fikricha, Bayden “muomalaga layoqatsiz” bo‘lgan, uning o‘rniga qarorlarni xodimlar avtopero yordamida qabul qilgan.
Tergov doirasida AQSh Milliy arxivi Oq uyning minglab maktublarini Adliya vazirligiga topshirgan, ularda afv etishlar ham tilga olingan. The New York Times o‘nlab xatlarning parchalarini o‘rganib chiqqan va ularda Bayden og‘zaki tarzda afv etishlarga rozilik bergani haqida yozilgan. Biroq gazeta sobiq prezident hujjatlarning faqat bir qismini ko‘rganini yozmoqda.
Bayden prezidentlik muddatining oxirida deyarli to‘rt ming nafar mahkumning jazolarini yengillashtirgan va Tramp ma’muriyati tomonidan ta’qibga uchrashi mumkin bo‘lganlarni oldindan afv etgan. U uch oy davomida afv bo‘yicha to‘rtta paketni ma’qullagan, ularning barchasi avtopero orqali imzolangan.
Avtopero — bu avtomatik imzo qo‘yish qurilmasi bo‘lib, undan Qo‘shma Shtatlarning boshqa prezidentlari, jumladan, Barak Obama ham foydalangan.