AQSh Senati, ehtimol, yoz oxirigacha Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilmaydi.
Bu haqda The Hill nashri xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Senat avgust oyi boshida o‘z ishini yakunlaydi va senatorlar o‘z shtatlariga boradi. Ular Vashingtonda faqat sentyabr oyi boshida ish boshlaydilar.
"Respublikachi senatorlar Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilmasdan turib Vashingtonni tark etishga hozirlik ko‘rmoqda", — deyiladi maqolada.
Nashrning yozishicha, ayrim senatorlar tanaffusga chiqishdan oldin qonun loyihasini qabul qilish tarafdori bo‘lgan, biroq yakunda bu masala bo‘yicha qarorni AQSh prezidenti Donald Trampga topshirishgan. Shunday qilib, Amerika yetakchisi Rossiya va uning savdo hamkorlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash tahdidlarini amalga oshirish yoki yo‘qligini o‘zi hal qilishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, deb yozadi gazeta, ko‘pchilik demokratlar Tramp buni to‘liq bajarmaydi, deb hisoblaydi. Avvalroq Tramp Vashington Moskva bilan Rossiya-Ukraina mojarosini 10 kun ichida hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanligini, aks holda Rossiya Federasiyasidan import qilinadigan tovarlarga bojxona solig‘i joriy etish bilan tahdid qilishini aytgandi.