AQShning yangi prezidenti allaqachon tanlangan, biroq inaugurasiya 2025 yil 20 yanvargacha bo‘lib o‘tmaydi. Nega bu 11 hafta kutish kerak? Misol uchun, Fransiyada prezident saylanganidan 10 kun o‘tib o‘z lavozimiga kirishadi. Buyuk Britaniyada g‘alaba qozongan partiya rahbari ovoz berishdan keyingi kun bosh vazir bo‘ladi.
Darhaqiqat, AQShning ilgari saylangan prezidentlari o‘z lavozimiga kirishish uchun yana ham uzoqroq kutishgan - martgacha. Biroq, 1933 yilda, Buyuk Depressiya avjida, Inaugurasiya kuni 20 yanvarga ko‘chirildi.
AQShda prezidentlik saylovi va inaugurasiya jarayoni murakkab, chunki «AQSh saylov mexanizmi juda markazsizlashtirilgan», deb tushuntirdi Kaliforniya universiteti siyosatshunoslik professori Erik Engstrom. Saylov uchastkalari yopilgach, saylov byulletenlari butun mamlakat bo‘ylab minglab uchastkalarda saylovchilar tomonidan sanab chiqiladi va keyin milliy ma’lumotlar bazasida e’lon qilinadi. Ammo saylov g‘olibini nomlash imkonini beradigan bu birinchi natijalar haligacha norasmiy va tasdiqlanmagan deb hisoblanadi.
Aksariyat boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, AQSh prezidentlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri milliy saylovlar orqali emas, balki maxsus organ - Saylov kolleji a’zolari tomonidan saylanadi. Shuning uchun, amerikaliklar o‘zlarining prezidentlikka nomzodiga ovoz berganda, ular davlat rahbarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ushbu nomzodni ifodalovchi saylovchilarni tanlaydilar. Dekabr oyi o‘rtalarida bu saylovchilar har bir shtatdagi prezidentlik saylovlarida rasman ovoz berish uchun yig‘ilishadi. Keyin uning natijalari AQSh Kongressiga yuboriladi. Kongress 6 yanvar kuni barcha 50 shtatdagi saylovchilar ovozlarini sanash uchun yig‘iladi. AQShning amaldagi vise-prezidenti yig‘ilishga raislik qiladi va saylov g‘olibini e’lon qiladi.
Yanvar oyida ikki hafta davomida Inaugurasiya kuni arafasida Qo‘shma Shtatlarning saylangan prezidenti o‘z ma’muriyati tarkibini e’lon qiladi.