Pit Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari kanal hududidagi eng muhim infratuzilmani nazorat qilishda davom etayotgani "qabul qilib bo‘lmaydigan holat", chunki bu "Xitoyga Panamadagi vaziyatni kuzatish va josuslik qilish imkonini beradi".
"Xitoy bu kanalni qurmagan, Xitoy bu kanalni boshqarmaydi va uni qurol sifatida ishlatmaydi", — deya ta’kidladi Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vaziri Panamaga tashrifi chog‘ida.
Hegset, shuningdek, AQSh va Panama o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar va razvedka ma’lumotlari almashinuvini kuchaytirish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu chora-tadbirlar "kommunistik Xitoydan kelayotgan tobora jiddiy chaqiriqlarga javob qaytarish" uchun zarur.
Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘lovchi Panama kanali 1914 yilda AQSh tomonidan qurilgan, 1999 yilda kanal boshqaruvi to‘liq Panamaga topshirilgan.
Donald Tramp Oq Uyga qaytganidan beri ushbu suv yo‘li ustidan AQShning nazoratini qayta tiklash zarurligini bir necha bor urg‘ulagan. Jumladan, u kanal yuk terminallariga Gonkong kompaniyasi xizmat ko‘rsatayotganidan norozilik bildirgan edi.
Panama prezidenti Xose Raul Mulino yanvar oyining oxirida Panama kanali AQSh tomonidan "sovg‘a" qilinmaganini aytgan edi. Biroq fevral boshida AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaralardan so‘ng, u Xitoy bilan “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro anglashuv memorandumini uzaytirmaslikka qaror qildi.