AQSh favqulodda xizmatlari Vashington yaqinidagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida yo‘lovchi samolyotining harbiy vertolyot bilan to‘qnashishi oqibatida halok bo‘lgan 41 kishining jasadini topdi, ulardan 28 nafarining shaxsi aniqlandi. Bu haqda Kolumbiya okrugi o‘t o‘chirish boshqarmasi boshlig‘i Jon Donnelli ma’lum qildi.
“Biz 41 nafar jasadni topdik va aviahalokatda jabrlangan 28 kishining shaxsi aniqlandi. Ertalab soat 6:00 holatiga ko‘ra, 18 oilaga yaqinlari haqida xabar kelib tushdi”, — dedi u va qutqaruvchilar ish olib borayotganini va barcha qurbonlarning jasadlarini olib chiqishga umid qilishayotganini aytdi.
AQSh rasmiylari halokatdan so‘ng aeroportning uchta uchish-qo‘nish yo‘lagidan ikkitasi yopilganini, bu esa kuniga taxminan 800 ta reysning 100 tasini bekor qilishga majbur bo‘lganini aytdi.