Pentagonda Eronga qarshi keskin eskalasiya ssenariylari — keng ko‘lamli havo hujumlaridan tortib, Basra ko‘rfazidagi strategik ob’ektlarni egallashgacha bo‘lgan variantlar muhokama qilinmoqda. Gap mojaroni keskin o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy «yakuniy zarba» haqida ketmoqda.
Axios xabar berishicha, muhokama qilinayotgan variantlar orasida Eronning muhim pozisiyalarini egallash yoki blokada qilish ham bor.
Xususan, nishonlar sifatida Eron neft eksportining asosiy markazi bo‘lgan Xark oroli, shuningdek, Ormuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan strategik Abu-Musa va Larak orollari tilga olinmoqda.
Shu bilan birga, Eron neft ta’minotiga zarba berish va yadroviy ob’ektlarni keng ko‘lamda bombardimon qilish masalalari ham muhokama qilinmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Donald Tramp hali yakuniy qaror qabul qilmagan, ammo diplomatik urinishlar samara bermasa, keskin choralarga tayyor.
Shu fon ortida AQSh Pokiston orqali Eronga 15 banddan iborat tartibga solish rejasini taqdim etgan. Hujjat Tehronning yadroviy va raketa dasturlari, shuningdek Ormuz bo‘g‘ozidagi kemalar xavfsizligi masalalarini qamrab oladi.
Eron esa taklifni rad etib, o‘t ochishni to‘xtatish faqat o‘z shartlari va muddatlari asosida bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, «tajovuz va qotilliklarni to‘xtatish» kabi besh talab ilgari surildi.
28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eron hududiga zarbalar bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 1340 nafardan oshgan.
Javoban Eron dronlar va raketalar orqali Isroil, shuningdek Iordaniya, Iroq va Basra ko‘rfazi mamlakatlaridagi, AQSh harbiy ob’ektlari joylashgan hududlarga hujum qilmoqda.
Eskalasiya allaqachon inson qurbonlari, infratuzilma vayronagarchiligi va jahon bozorlarida, jumladan aviasiya va energetika sohalarida uzilishlarga olib keldi.