Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiyada Qora dengizdagi xavfsizlikka bag‘ishlangan muzokaralarda Ukraina, Buyuk Britaniya, Fransiya va Turkiya vakillari ishtirok etayotganini ma’lum qildi.
Bundan oldin, 15 aprel kuni RIA Novosti axborot agentligi o‘z manbasiga tayanib, Turkiya mudofaa vazirligi homiyligida Anqarada Qora dengizdagi xavfsizlik bo‘yicha ikki kunlik uchrashuv o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi. Agentlik manbasi ta’kidlashicha, unda chet el harbiy vakillari ishtirok etmoqda, ular orasida rossiyaliklar yo‘q.
Mart oyi oxirida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan uch kunlik bilvosita muzokaralarda AQSh Rossiya va Ukraina bilan Qora dengizdagi savdo kemalariga hujumlarning oldini olish va ularning xavfsiz harakatlanishini kafolatlash masalalarini muhokama qildi. Ukraina Qora dengizda xavfsiz kema qatnovini ta’minlashga rozilik bildirdi, biroq Rossiya yana qo‘shimcha talablarni ilgari surdi. Ulardan biri Rosselxozbankdan sanksiyalarni bekor qilish edi.