Bugun 5 aprel, 2026 yil, yakshanba

КИР

ANIQ JAVOB: Zakot berishni kimdan boshlagan afzal?

A A A
ANIQ JAVOB: Zakot berishni kimdan boshlagan afzal?
JAVOB: Zakotni o‘zaro tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar, ya’ni ota-onasi, bobo-momosi, o‘g‘il-qizlari va ularning farzandlari, er-xotinlik aloqalari bo‘lganlar, ya’ni er yoki xotinga berishi mumkin emas. Shuningdek, o‘zga din vakillari, nisob miqdoricha moli bo‘lgan kishilarga ham zakot berilmaydi.
 
Aka-uka, opa-singillarga kelsak, ushbu savolga mo‘’tabar fatvo kitoblarimizda shunday javob berilgan: “Zakot, fitr va nazrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng ularning farzandlari. Keyin tog‘a-xolalar va ularning farzandlari, so‘ng yuqoridagilardan boshqa qarindoshlar. Ulardan keyin navbat bilan qo‘shnilar, hamkasblar, hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar”.
 
“Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko‘ra afzaldir”, deyilgan.
 
Demak, agar aka-uka yoki opa-singillar zakot berish nisobiga ega bo‘lishmasa zakot berish uchun eng afzal kishilar hisoblanar ekan. Zakot berish yaqin qarindoshlardan boshlansa ham Alloh taoloning buyrug‘i ado bo‘ladi, ham qarindosh-urug‘lik rishtalari mustahkamlanadi. Vallohu a’lam.
 
SAVOL: Zakot kimlarga beriladi?
 
JAVOB: Zakot beriladigan 8 ta toifa insonlar bor:
 
1. Faqir – moli nisobga yetmagan shaxs.
 
2. Miskin – hech narsasi yo‘q kishi.
 
3. Zakot yig‘ish ishida band bo‘lganlar.
 
4. Dillari Islomga oshno qilinuvchi g‘ayri dinlar.
 
5. Mukotab qullar.
 
6. Agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi.
 
7. Alloh yo‘lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo‘lib qolgan hojilar tushuniladi).
 
8. Yo‘lda qolganlar (moli boru o‘zi bilan birga emas).
 
Yuqorida sanab o‘tilganlardan ikki toifasi: “dillari Islomga oshno qilinuvchilar” va “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud bo‘lmaganligi uchun zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan.
 
Shariatimizga ko‘ra quyidagilarga zakot berilmaydi:
 
1. Boshqa din vakillariga.
 
2. Boy kishilarga.
 
3. Boy kishining balog‘atga yetmagan farzandiga.
 
4. O‘rtalarida tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar ya’ni, ota-ona va o‘g‘il-qizlarga.
 
5. Er yoki xotinga.
 
6. Hoshimiylar, ya’ni Payg‘ambarimiz alayhissalomning qarindoshlariga.
 
SAVOL: Tillo va kumush taqinchoqlardan zakot pul bilan beriladimi yoki ularning o‘zidanmi?
 
JAVOB: Ma’lumki, kishining tillosi 85 gramm yoki undan ortiq bo‘lib, unga yil to‘lsa qirqdan birini zakot qilib chiqarishi farz bo‘ladi.
 
Lekin shuni bilish kerakki, agar tillo taqinchoqlardan tilloning o‘zini zakot sifatida berilsa, taqinchoqlarning vazniga qarab zakot chiqariladi. Masalan, 100 gramm tillodan 2,5 gramm tillo zakotga beriladi. Agar taqinchoqlarning zakotini pul bilan beriladigan bo‘lsa, taqinchoqlarning bozordagi qiymatiga qarab zakot chiqaradi. Masalan, bozorda qiymati qancha bo‘lsa, shuni qirqdan birini zakotga beradi.
 
Taqinchoqlar xoh ishlatilayotgan bo‘lsin, xoh ishlatilmayotgan bo‘lsin, ulardan zakot beriladi. Chunki ular hamyondagi pul bilan bir xildir.
 
Tillo va kumushdan boshqa sotish niyatida olinmagan qimmatbaho taqinchoq va toshlardan zakot berilmaydi.
 
SAVOL: Tijorat qilish maqsadida qurib, bitmay qolgan binodan zakot berish kerakmi?
 
JAVOB: Albatta, zakot berish kerak. Bunda bitmay qolgan binoning ayni vaqtdagi qiymatini hisoblab, tijorat moli bo‘lgani uchun tilla, kumush va qog‘oz pullariga qo‘shib hisoblaydi va jami mablag‘ning qirqdan birini zakot sifatida muhtojlarga beradi.
 
SAVOL: Ayni paytda ishsizman. Qo‘limda nisobdan ortiq mablag‘im bor. Men zakot berishim kerakmi?
 
JAVOB: Chet elda ishlab, olib kelgan pulingiz kamida 85 gramm tilloning qiymatiga yetgan bo‘lsa, pulingiz nisobga yetgan bo‘ladi. Ana shu vaqtdan rosa bir yil o‘tgach, yeyilib, kiyilib, boshqa hojatlarga ishlatilib ketgandan qolgan pul 85 gramm tilloning qiymatidan kamaymagan bo‘lsa, endi jami pulingiz (tilla, sotishga mo‘ljallangan tijorat mollar) qirqdan birini zakot sifatida berasiz. Yana bir yil o‘tgandan keyin yana qo‘lingizdagi mablag‘ni hisoblab ko‘rasiz, yana 85 gramm tilloning qiymatidan ko‘p chiqsa, yana zakot berasiz. Masalan, undan keyingi yil pulingiz kamayib, 85 gramm tilloning qiymatidan kamayib ketsa, zakot bermaysiz. Alloh taolo hech bir bandasiga uning toqati yetmaydigan narsani yuklamaydi, shu jumladan, zakot masalasida ham.
 
Demak, zakot oltin, kumushdan, savdo uchun boqilayotgan mol-hollardan, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotdan, naqd pullardan, do‘kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o‘xshash narsalardan o‘zi yoki qiymati beriladi. Kundalik asliy hojatiga kiradigan narsalar qo‘shilmaydi. Kundalik asliy hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy, mashina, sog‘in sigir, uy ichini bezash uchun qo‘yilgan matohlar, bisotda o‘g‘il-qizga atalgan sovg‘a-sarpolar, yeyish uchun saqlab qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.
 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
Kiritildi: 15:30 02.05.2020. O'qildi: 5478 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!