Andijon. Xo‘jaobod tumani IIBga fuqaro G.D.,ning uyiga bir guruh shaxslar bostirib kirishi haqida tushgan xabarga asosan, IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida 2020 yil 18 may kuni soat 00:10 larda pichoq bilan qurollangan, yuziga niqob taqib olgan, 3 nafar noma’lum shaxslar G.D., ning Xo‘jaobod tumani Ahillik ko‘chasidagi raqamsiz uyiga pul talab qilish uchun bostirib kirgan vaqtida, 3 nafar noma’lum shaxslar pistirmada bo‘lgan ichki ishlar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ularning 1 nafari hodisa joyidan qochib yashiringan, qolgan 2 nafari esa hodisa joyida qo‘lga olingan.
Hodisa joyida ushlangan shaxslar 18 yoshli N.X. va 19 yoshli J.B.,lar ekanliklari aniqlandi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, 3-ishtirokchi tuman hududi markazi tomon harakatlanayotgan vaqtida ushlangan, u 19 yoshli A.I., ekanligi aniqlanib, yonidan 1 dona xo‘jalik pichog‘i, 1 dona niqob ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida 3 dona tibbiyot niqoblari, 3 dona turli xajmdagi xo‘jalik pichoqlari, 2 dona shapka, 1 dona jemfer, 2 dona uyali telefonlar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
Holat yuzasidan N.X., J.B. va A.I.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda ular prosessual tartibda ushlanganlar.