Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Andijon viloyati hokimi nega yoshlar bilan aynan qurilish maydonida uchrashdi?

Andijon viloyati hokimi nega yoshlar bilan aynan qurilish maydonida uchrashdi?

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tishini eshitgan yigitlar “Yoshlar markazi” atalmish salobatli saroyiga qora kostyum-shimga galstukka taqqancha tashrif buyuramiz, deb o‘ylaganlari rost. Ammo uchrashuv Xo‘jaobod tumanidagi adirlik yonbag‘rida bo‘lishi haqidagi xabar tarqaldi. Egniga ishchilar kiyimini kiygan 400 nafar yoshlar shu kuni hokimni yana bir katta loyiha qurilishi maydonidan topdilar.

— Viloyatimizda olib borilayotgan ishlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, baho bering, kerak bo‘lsa unda ishtirok eting, degan maqsadda sizlarni shu yerga taklif qildim, — deydi viloyat hokimi. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda o‘tkazgan yoshlar bilan uchrashuvida “2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish bo‘ladi”, degan so‘zlari, umid qilamanki, Andijon viloyati misolida o‘zgacha ifoda topadi.

Uchrashuv davomida viloyat rahbari yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ta’lim olishlari, mehnat qilishlari uchun vujudga kelayotgan imkoniyatlar, bilim va salohiyatini namoyish etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. O‘z yutuqlari haqida g‘ururlanib hikoya qilgan yoshlarning muvaffaqiyati esa boshqalarga ibrat bo‘ldi:

— Yakunlangan yilda Malayziyada o‘tkazilgan karate bo‘yicha Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldim, — deydi Osiyo chempioni Aslbek Madaminov. —Bu yutug‘im Prezidentimiz tomonidan yuqori baholanib, grant asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Men qatori yana 76 nafar andijonlik tengdoshlarim shunday baxtga sazovor bo‘ldilar. Davlatimiz tomonidan biz yoshlarga shu qadar keng imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan ekan, nima uchun undan unumli foydalanmasligimiz kerak! Nasib bo‘lsa, bundan keyin ham yurtimiz islohotlar jarayonida faol ishtirok etamiz.

Shu kuni yoshlar adirlik yonbag‘rida barpo etilayotgan katta ishlab chiqarish korxonasi qurilishi bilan yaqindan tanishib, uning atrofida o‘z qo‘llari bilan bog‘ barpo etdilar. Ularning qo‘li bilan ekilgan minglab ko‘chatlar kelgusida hududning ekologik himoyasini ta’minlaydi. 

Manba: xs.uz

Kiritildi: 17:51 06.01.2020. O'qildi: 2198 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!