Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Ana xolos! Yakkabog‘da karantinga umuman amal qilinmayapti (FOTO)

Ana xolos! Yakkabog‘da karantinga umuman amal qilinmayapti (FOTO)

Bugun ertalabdan akam qo‘ng‘iroq qilib, mashinada yonilg‘i tugagani uchun “zapravka”ga borish kerakligini aytib qoldi. Har ehtimolga qarshi avtomobil harakat uchun tayyor holda bo‘lgani yaxshida!

Ishonchnomam bo‘lganligi uchun o‘zim borishga qaror qildim. Zero, kasbim jurnalist bo‘lib, bizga mashinada yurish uchun ruxsat beruvchi “stiker” berilishiga yoki “stikersiz” yurishga ruxsat berilmagani uchun yarim oydan buyon hech qayerga chiqmagandim. Fursatdan foydalanib karantin jarayoniga va aholining munosabatiga qiziqdim!

Garchi hukumat cheklovlari, asosan, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlariga tegishli bo‘layotganiga qaramay, Yakkabog‘ tumanida ham mutasaddilar ko‘plab amaliy tadbirlarga qo‘l urgan. «Sharsharbog‘ot» mahallasidan M39 va A378 trassalari kesishgan chorrahada joylashgan gaz shoxobchasigacha 2 ta (Sinnon qishlog‘i va mahalliy aholi tilida “perekryostka” deb ataluvchi M39 va A378 trassalari kesishgan chorrahada) patrul post tashkil etilibdi. Oziq-ovqat sotuvchi do‘konlar va Eski Yakkabog‘dagi bozordan tashqari aksar savdo shoxobchalari hamda oshxonalar karantin munosabati bilan vaqtincha yopilgan. Maktab va MTMlar ham shu jumladan. Muassasalar rahbariyati ish o‘rnida, xolos.

Deyarli hammada niqob bor.

Biroq, aholi karantin qoidalariga befarqdek! Ko‘chalarda odam gavjum. Savdo do‘konlarida ham xaridor yetarli. Hattoki, maktab o‘quvchilarini ham ko‘rishingiz mumkin.

Joriy yil 6 apreldan e’tiboran Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etilgan “o‘zini yakkalash” hayot tarzi BIZga tegishli emasdek. Balki yuridik jihatidan ular haqdir!? Yakkabog‘liklar o‘z ishlari bilan band. 

 Ko‘chada harakatlanishda-ku mayli, eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasidagi «Mustaqillik» mahallasida joylashgan bozorda yoki shu atrofdagi do‘konlarda ham, qolaversa, Istiqlol, Ibn Sino, Guliston, Sinnon, Chinobod mahalalaridagi savdo shoxobchalarida ham  hech kim 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlagani yo‘q.

 Bozorga tashrif buyurayotgan hech bir fuqaroning tana harorati o‘lchanganiga guvoh bo‘lmadim. Harorati 37° va undan yuqori bo‘lgan fuqarolarni majmuaga kirishiga hech  kim e’tibor qaratmayapti. Garchi, yo‘lning nargi betida tuman Ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinikasining 1-sonli Oilaviy poliklinikasi joylashgan bo‘lsa-da!

  65 yoshdan yuqori yoshda bo‘lgan keksalar va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolarni ko‘rishingiz mumkin.

Afsuski, Eski Yakkabog‘ avtoshoxbekatida, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari ketayotganiga ham ko‘zim tushmadi.

Achinarlisi, maktab o‘quvchilari ham ko‘chada yurganiga guvoh bo‘ldim. Ismini aytishni istamagan 2 nafar o‘quvchi dorixonaga dori olish uchun, yana 1 nafar o‘quvchi non sotib olish uchun ketayotganini vaj ko‘rsatdi. 

Sinnon qishlog‘idan o‘zini Bayozbek deb tanishtirgan 1-sinf o‘quvchisi ruchka olish uchun do‘konga chiqqanini aytdi.

Qolaversa, ko‘plab o‘quvchilar yo‘l chekkasida mol boqib yurganiga nima deysiz?!

Axir, ularni kasallanib qolishining oldini olish uchun hukumatimiz maktablarni vaqtincha yopdi-ku! Televideniya orqali muntazam on-line darslar efirga uzatilmoqda. Bularga aholining javobi shumi?

Karantin tartibini tumanlarda ham biroz qat’iylashtiradigan vaqt keldi, adashmasam!

Mutasaddilarga ushbu maqolamiz orqali Yakkabog‘ misolida barcha tumanlarda ana shunga o‘xshagan muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqlikni istadik. Shuning uchun joriy etilayotgan cheklovlarni faqatgina Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlariga emas, tumanlarga ham joriy etish maqsadga muvofiq! Shundagina, ko‘zlangan maqsadimizga tezroq erishamiz!

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov “O‘zbekiston 24” kanalida ma’lumot berganidek, bir kishidan 46 nafar odamga koronavirus tarqani kabi holatlarning oldini olamiz! (A.Shodmonovnig ma’lum qilishicha, 27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirusni o‘tkazgan. Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo‘lganlardan 3 kishiga kasallik o‘tgan.)

Shu yerda yana bir holatga e’tiborlaringizni qaratishni maqsadga muvofiq deb bildim. Patrul-post tashkil etishdan maqsad harakatdagi avtomobillarni iziga qaytarish yoki jarimaga tortishmi? Maqsad – aholini bemaqsad harakatining oldini olish emasmi? Bizning tumanda bu ayrim uchar biznesmenlarning arig‘iga suv quyishda ham foydalanilmoqda! Qandayligiga qiziqmoqdamisiz? Aholi Eski Yakkabog‘dan tuman markaziga borish uchun Sinnondagi postgacha bitta transportga minishi, u yerda tushib postni nargi tomonidan “perekryostka”dagi postgacha boshqa transportga o‘tirishi, u yerdan boshqa avtomobil xizmatidan foydalanishi zarur. Karantinda ham faoliyat yuritayotgan xodimlarning ahvolini tushunavering endi! Taksilar post oldida tayyor! O‘ylaymanki, mutasaddilar bu masalaga ham e’tibor qaratishadi.

O‘roljon Kamolov tayyorladi.

Manba: nnews.uz

Kiritildi: 22:34 07.04.2020. O'qildi: 7646 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!