Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 10-11 dekabr kunlari poytaxtimizda “O‘zbekistonning madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunlari va 2019 yil «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimediya forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum doirasida o‘tkaziladigan "Zamonaviy dunyodagi madaniy meros: saqlash va ommalashtirish" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyasida “O‘zbekistonning 100 mashhur qo‘lyozma yodgorliklari” loyihasi tahliliga keng o‘rin beriladi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlar O‘zbekistonning madaniy merosi va tarixiy qo‘lyozmalar tahliliga bag‘ishlangan maqolalari bilan ishtirok etmoqda.
Sizning e’tiboringizga havola etilayotgan Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari tarixi va qo‘lyozmalari haqidagi Rustam Jabborovning maqolasi ham “O‘zbekistonning 100 mashhur qo‘lyozma yodgorliklari” loyihasiga taqdim etilgan.
Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) o‘zining o‘tkir aql-zakovati, noyob yetakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o‘rin tutadi. Sarkardaning hayot yo‘li, davlat boshqaruvi, o‘z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyati bir qator tarixiy asarlarda, jumladan, uning “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.
Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e’tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo‘lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to‘plamlarda saqlanmoqda. Ko‘plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.
O‘tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o‘tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma’lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski o‘zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o‘z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo‘lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha yetib kelmaganidan, bu o‘rinda so‘z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.
Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturil-amal vazifasini o‘tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulg‘ozi Bahodurxonning “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i tutki bergan bo‘lishi mumkin. Afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo‘lyozmasi hanuzgacha topilgani yo‘q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma’lum bo‘lmagan sahifalari ochilishi barobarida o‘zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go‘zal durdona bilan boyigan bo‘lar edi.
Bugun bizgacha yetib kelgan xilma-xil qo‘lyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Qo‘lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo‘lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko‘chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Ja’far poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo‘lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo‘l-yo‘riqlari o‘rin olgan.
At-Turbatiy bu bebaho qo‘lyozmani o‘zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to‘la-to‘kis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan.