“You Gov” tadqiqot kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, aksariyat amerikaliklar AQSh fond bozori qulashida Donald Trampni aybdor hisoblaydi.
Respondentlarning 67 foizi javobgarlikni Prezidentning zimmasiga yuklagan, 19 foiz ishtirokchi nazarida u aybdor emas. 14 foiz so‘ralganlar qaror chiqarishga ikkilangan. 44 foiz odam Amerika fond bozorining hozirgi holatini ayanchli, deya baholagan. 9 foiz uchun vaziyat a’lo darajada. Tadqiqotda qatnashgan 10 foiz fuqaro esa “yaxshi” bahosini belgilagan. So‘rov ishtirokchilarining 19 foizi bozorning joriy holati adolatli ekanini ta’kidlagan.
So‘rov 7 aprel kuni 4610 nafar amerikalik o‘rtasida o‘tkazildi.
Trampning “javob tariflari” joriy etilishi haqidagi bayonotidan keyingi birinchi hafta oxirida AQSh fond birjasi asosiy indeks 5,5 foiz pasaygan holda yopildi. Ixtisoslashgan nashrlar ikki kunlik tariflar davomida bozor 6,6 trillion dollar zarar ko‘rganini ta’kidlab, bunday keskin o‘zgarish tarixda kuzatilmaganini yozgan.
2 aprel kuni Amerika yetakchisi boshqa davlatlardan import qilinadigan mahsulotlar uchun alohida tariflar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va o‘sha sanani “ozodlik kuni” deb atadi. Eng past stavka 10, Yevropa Ittifoqi tovarlari uchun 20 foiz boj belgilandi.
Trampning o‘zi ayni tashabbusdan davlat byudjetiga 6-7 trillion dollar daromad keltirishni va’da qilgan.