Bugun 15 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Allergik alveolit qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

A A A
Allergik alveolit qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

— Allergik alveolit — o‘pka yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallik. Ammo uning belgilari boshqa xastaliklar bilan juda o‘xshash. Isitma, yo‘tal, nafas yetishmovchiligi, holsizliq, charchoq, mushaklardagi og‘riqlar shular jumlasidan.

Ayni sababdan maxsus diagnostik vositalar, laborator tekshiruvlar va tor soha mutaxassislari ko‘magisiz bu kasallikni aniqlash ham, davolash ham mushkul.

Bolalarda allergik alveolit kattalarga qaraganda kamroq uchrasa-da, biroq o‘tkir shaklda kechadi. U asosan 2 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar orasida kuzatiladi.

Xastalik qo‘zg‘atuvchisi pichan, qush va parranda patlari va axlati, zamburug‘ sporalari, uy, sabzavot va qahva changi, dorilar hamda boshqa kimyoviy va organik moddalar hisoblanadi.

Mazkur allergenlar juda kichik hajmda bo‘lgani tufayli bronxlar va traxeyada o‘rnasholmaydi va asosan o‘pka alveolalarida joylashadi. Oqibatda allergik reaksiya chog‘ida o‘pka yallig‘lanib, xuddi grippga chalingan bemorlardagi singari nafas siqishi, yo‘tal, quruq balg‘am ajralishi, tana harorati ko‘tarilishi kabi holatlar kuzatiladi.

Alveolitning o‘tkir shaklida kasallik belgilari allergenlarning davomiy ta’siri tufayli yuzaga keladi.

Dastlab bola umumiy zaiflik, titroq va bosh og‘rig‘idan shikoyat qiladi. Ushbu alomatlar o‘tkir respirator virusli infeksiyalar alomatlariga o‘xshaydi. Bu esa o‘z vaqtida tashxis qo‘yish jarayonini qiyinlashtiradi.

So‘ng kichik yoshli bemor quruq yo‘tal va nafas qisishidan aziyat cheka boshlaydi. Allergen bilan aloqa to‘xtatilgach, ya’ni bola toza havoga chiqqach, ahvoli yaxshilanib, alomatlar sezilarli darajada kamayishi va 2-3 kun o‘tib butunlay yo‘qolib ketishi ham mumkin.

Xastalikning davomli shakli yengil yo‘tal va nafas qisishi bilan tasniflanadi. Bunda bemor allergen bilan aloqani to‘xtatgach, tiklanish jarayoni bir necha hafta davom etadi.

🕯Biroq allergen bilan aloqa muntazam davom etsa, bora-bora xastalik rivojlanib, surunkali shaklga o‘tadi. Oqibatda nafas qisishi va balg‘am ajralishi bilan kechadigan yo‘tal doimiy tusga kiradi.

To‘qimalarning yetarli kislorod bilan to‘yinmasligi oqibatida barmoqlar bo‘g‘imlari deformasiyasi yuzaga keladi.

Vaqt o‘tgan sayin bemorning ahvoli og‘irlashib, horg‘inlik, zaiflik, ishtaha pasayishi, vazn yo‘qotishi, mushaklardagi og‘riqlar kuchayadi.

Xastalikning surunkali shaklida bemor allergiya qo‘zg‘atuvchi moddalar bilan ro‘baro‘ kelmasa, alomatlar vaqtincha kamayishi mumkin, ammo ular butunlay yo‘qolmaydi.

Kasallik alomatlari kuzatilganda, allergolog-immunolog mutaxassisga murojaat qilish lozim.

Kiritildi: 10:07 01.10.2023. O'qildi: 2141 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!