Bugun 16 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Aleks Fergyusondan futbolchilar kiyinish xonasiga yaqinlashmaslik so‘raldi

Aleks Fergyusondan futbolchilar kiyinish xonasiga yaqinlashmaslik so‘raldi

“Manchester Yunayted”ning 82 yoshli sobiq murabbiyi Fergyuson kiyinish xonasiga qo‘yilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq “Manchester Yunayted” xarajatlarni kamaytirish maqsadida 82 yoshli Fergyusonga klub elchisi sifatidagi ishi uchun maosh to‘lashni to‘xtatishi ma’lum bo‘lgandi.

Daily Mail xabariga ko‘ra, “Yunayted” futbol kengashi klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy Fergyusonga o‘yinlardan keyin “Old Trafford” kiyinish xonasiga kirmaslikni so‘ragan. Bu esa ser Mett Basbi davridan beri davom etayotgan an’anaga zid hisoblanadi.

“Manchester Yunayted” Fergyusonni jamoaning kiyinish xonasiga kirishi taqiqlanganini rad etdi, ammo klub hozir u yerga kimlar kirishi “umumiy kelishuv”ga ko‘ra hal qilinishi bildirgan. Fergyuson avvalroq o‘yinlardan so‘ng jamoaning kiyinish xonasiga kirish huquqiga ega bo‘lgan, biroq muntazam ravishda bunday qilmagan.

Qayd etilishicha, jamoaning kiyinish xonasiga tashrif buyurish o‘n yillar davomida “Manchester Yunayted” madaniyatining bir qismi bo‘lib kelgan. Fergyuson va boshqa futbol kengashi a’zolari Devid Gill va Mayk Adelson, ser Bobbi Charlton va sobiq direktor Moris Uotkins kabilar faxriy mehmon sifatida kutib olingan.

26 yil davomida 38 ta sovrin yutgan Fergyuson 2013 yilda faoliyatini yakunlaganidan so‘ng klub elchisi va direktori sifatida faoliyat yuritish uchun shartnoma imzoladi. 2014 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Yunayted” Fergyuson xizmatlari uchun yiliga 2,16 million funt to‘lagan.

“Yunayted” futbol kengashi Glazer aka-ukalarini o‘z ichiga olgan rasmiy kengashdan alohida organ hisoblanadi.

INEOS 2024 yil boshida klubning chorak ulushini sotib olganidan beri bir qator keskin qisqartirishni boshladi. Mail Sport ma’lumotlariga ko‘ra, ular bo‘limlarda 250 ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatgan. INEOS asoschisi ser Jim Ratkliff “Old Trafford”dagi yuzma-yuz uchrashuvda Fergyusonga o‘zgarishlar haqida ma’lumot bergan.

Ratkliff vaziyatni hisobga olgan holda klub endi unga avvalgi maoshini to‘lashga tayyor emasligini aytgan. Fergyuson faxriy direktor sifatida qoladi va uy uchrashuvlaridagi 8 talik maxsus direktorlar o‘tiradigan xonaga kirish huquqini saqlab qoladi.

Kiritildi: Bugun 18:32. O'qildi: 549 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!