Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Aktam HAITOV: "Xalq birligi koronavirusga qarshi kurashning asosidir"

Aktam HAITOV: "Xalq birligi koronavirusga qarshi kurashning asosidir"

Shu kunlarda O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlik korpusi faoliyati yakunlarini umumlashtirish bo‘yicha joylarda olib borilayotgan ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar aholi tomonidan qo‘llab- quvvatlanyapti va ijobiy baholanyapti. Bunda videoselektor yig‘ilishi yakunlarini alohida qayd etish mumkin. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha murojaat qildi.
Mazkur tadbirda koronavirus infeksiyasiningg tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va unga chalingan bemorlarni davolashda barcha kuch va vositalarni safarbar qilishga yo‘naltirilgan aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha aniq va qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab berildi. Masalan, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida karantinga joylashtirilgan fuqarolarga samarali va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini ancha oshirish imkonini beradigan 10 ming o‘rinlik karantin zonasi qurilishining yakunlanishi ham mazkur ishlarning nechog‘lik keng qamrovliligidan dalolatdir. Shuningdek, viloyatda 5 ming o‘rinli ikkita yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham barpo etilmoqda, uning ming o‘ringa mo‘ljallangan birinchi bloki foydalanishga topshirilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarimiz salomatligini ta’minlash, kasallikka chalinishini oldini olish, ayni kundagi muhim amaliy chora-tadbirlar sifatida 300 ming dona ekspress-testlar va 500 ta sun’iy nafas olish apparatlari xarid qilinadi, virus tarqalish xavfi yuqori bo‘lgan aholi punktlarida ixcham laboratoriyalar tashkillashtiriladi. Shifokorlarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, tibbiy niqoblar ishlab chiqarish kunlik hajmini 5 million donagacha yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatdiki, aynan ana shunday yondashuv Janubiy Koreya va Singapurga virusning tarqalishini nazoratga olish imkonini berdi. Xususan, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan bahosiga ko‘ra, Janubiy Koreya va Singapur koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashda namuna bo‘ldi. Ushbu mamlakatlarda kasallik o‘chog‘i aniqlanishi bilan ular uni cheklashdi, test sinovlarini o‘tkazib, an’anaviy epidemiologik qoidalardan foydalandilar. Shuningdek, Janubiy Koreya jamiyatda yuksak tartib qoidalarning mavjudligi, sanitar-gigiyenik qoidalarga amal qilinishi tufayli koronavirus tarqalmasligining uddasidan chiqa oldi.
Bizning xalqimiz ham davlatimizning  chora-tadbirlariga nisbatan yuksak ijtimoiy birdamligini namoyish etdi. Biz ham joylarda tibbiyot va harbiy oliy o‘quv yurtlari talabalaridan ko‘nggillilarni shakllantirish, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va chekka joylarga oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyenik va dori vositalarini yetkazib berishni tashkillashtirishga doir chora- tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tegishli tadbirlarni belgilaymiz va qabul qilamiz.
Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi farmoni bilan bu borada ko‘plab imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilgan. 1 oktyabrga qadar tadbirkorlarning ishlatilmagan ob’ektlari bo‘yicha mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkasi qo‘llanilmaydi. 1 noyabrga qadar koronavirus pandemiyasi tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalar bankrot deb e’lon qilinmaydi. Karantin davrida tadbirkorlik sub’ektlaridan 3,6 mingdan yuqori davlat mulki ob’ektlari uchun ijara haqi olinmaydi. Shu bilan birga barcha loyihalar bo‘yicha investisiya majburiyatlarini bajarish 6 oyga uzaytirildi. Karantin davrida tadbirkorlarning bank hisoblarini to‘xtatib qo‘yish man etildi. Tovarlarni yetkazib berish va tashish xizmatlarini lisenziyalash vaqtincha bekor qilindi.
Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish haqida so‘z borganda, shuni qayd etamizki, biz har birimizning shaxsiy ijtimoiy mas’uliyatimiz muhimligi to‘g‘risidagi partiya pozisiyasiga qat’iy amal qilish tarafdorimiz. Sanitariya gigiyenik me’yorlarga amal qilish va o‘zini izolyasiya qilish jahon pandemiyasiga qarshi kurashishning muhim tarkibiy qismidir.
Shu munosabat bilan profilaktika chora-tadbirlari sifatida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda  O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda karantin va inson uchun boshqa xavfli infeksiyalar paydo bo‘lgan va tarqalgan sharoitda tibbiy xususiyatdagi majburiy choralarni qo‘llashga oid yangi moddalar qo‘shilgan.
Modda davlat sanitar nazorati organlari tomonidan karantin va inson uchun boshqa xavfli infeksiyalar paydo bo‘lgan va tarqalgan sharoitda epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar aniqlanganda qo‘llaniladi.
Bunday chora-tadbirlar qator davlatlarda o‘z samarasini ko‘rsatdi. Masalan, Xitoy virus hujumiga nihoyatda tezkorlik bilan javob qaytarishning muhimligini namoyish etdi. Xususan, ushbu kasallik virusini yuqtirib olgan bemorlar va ular muloqotda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va alohidalash orqali nazorat ostiga olindi. Bu XXR aholisiga vaziyatning nechog‘lik jiddiy ekanini anglab yetishiga va bu boradagi chora-tadbirlarni bajarishda hukumat bilan hamkorlik qilishiga yordam berdi.
Shuningdek, Italiya ham  Yevropada 60 million nafar aholisi bo‘lgan butun mamlakatni  karantinga buyurish bo‘yicha  qat’iy choralarni qabul qildi. Bu yerda supermarket va dorixonalardan tashqari barcha do‘konlar yopildi. Ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlandi, maktab va universitetlarda ta’lim  to‘xtatildi. Kimki  ko‘chaga chiqish istagida bo‘lsa,  bunga zarurati borligi to‘g‘risidagi  hujjatni taqdim etishi  lozim.
Umuman olganda, partiyamiz koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni amalga oshirgan holda, bu boradagi sa’y harakatlarni qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, ayni damda O‘zbekiston xalqi bundan keyin ham bir butun bo‘lishi uchun har bir fuqaroga bu jarayonlarda ijtimoiy mas’uliyatni his etishi kerakligini yetkazish zarur deb hisoblaydi. Zero, bu xalqimiz salomatligi va Vatanimiz farovonligi yo‘lidagi samarali kurash poydevoridir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o‘rinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Kiritildi: 21:38 30.03.2020. O'qildi: 1352 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!