Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

“Ajrashsam, mol-mulkda qanday haq-huquqim bor?”

“Ajrashsam, mol-mulkda qanday haq-huquqim bor?”

— Ba’zi sabablarga ko‘ra erim bilan ajrashmoqchiman. Hozir yashab turgan uyimizni qaynotam o‘g‘liga hadya qilgan. Erimni nomida faqat ikki xonali kvartira va mashina bor. Aytishicha, faqat mashina va kvartiradan ulush olishim mumkin ekan, hovli esa hadya bo‘lgani uchun mutlaqo unga tegishli emish. Ajrashsam, mol-mulkda qanday haq-huquqim bor?

Ismi sir tutildi

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining sudyasi Zulfiya BERDIMURATOVA javob beradi:


— Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish er va xotindan birining talabiga ko‘ra, ular nikohda bo‘lgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni bo‘lish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin. Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida bo‘lib olinishi mumkin. Er va xotinning xohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi o‘zaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanishi mumkin. Nizo tug‘ilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish, shuningdek er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi.
Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Mazkur kodeksning 25-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Yuqoridagi qonun talabidan kelib chiqib, nikoh davomida eringizga otasi tomonidan hadya qilingan mol-mulkdan ulush olish huquqiga ega emasligingiz tushuntiriladi.
Shuningdek, siz eringiz bilan nikoh davomida orttirgan, ya’ni sotib olgan har qanday mol-mulklardan, uy-joy yoki avtomashinalardan ulush olish huquqiga egasiz.

Kiritildi: 11:01 26.05.2022. O'qildi: 4250 marta. Fikrlar soni: 15 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!