Bugun 10 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Ahdga vafo qilmaganlar kim?

A A A
Ahdga vafo qilmaganlar kim?

Ey iymon keltirganlar, ahdlarga vafo qilinglar!

Alloh taolo Qur’oni karimda ahdga vafo qilishga buyuradi va ahdiga vafo qiluvchilarni madh qiladi. Darhaqiqat, Ahdga vafo qilish komil mo‘min sifatlaridandir. Ahdga xiyonat qilish, va’daga vafo qilmaslik, so‘zining ustidan chiqmaslik jamiyatlarning buzilishiga sabab bo‘luvchi, odamlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qolishi, omonatlar zoye bo‘lishi va xiyonat yoyilishiga olib boradigan yomon sifatlardandir. Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam deyarli barcha xutbalarida: “Omonati yo‘q kishining iymoni yo‘q, ahdiga vafosi yo‘q kishining dini yo‘qdir”, deb aytardilar. Imom Ahmad rivoyati. Munofiqlar sifatlari orasida ham ahdiga vafo qilmaslik sifatini ko‘rishimiz mumkin. “Munofiqning alomati uchta: so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa vafo qilmaydi, omonat qo‘yilsa xiyonat qiladi” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Alloh ahdga vafo qilishni oqil zotlar va payg‘ambarlarning sifatlaridan deb ta’rifladi. Payg‘ambarimiz: “Musulmonlar shartlarining ustidan chiqqaylar”, deganlar (Imom Buxoriy). Ahd har xil bo‘ladi. Ba’zilari yomonlikka xizmat qiladi,ba’zisi esa yaxshilikka. Rasululloh: "Kim bir ishni qilishga qasam ichib, keyin u ishda yaxshilik yo‘qligini bilsa, darhol qasamiga kafforot berib, keyin yaxshisini qilsin", dedilar (Imom Muslim). Demak, yomonlikka xizmat qilish uchun ahdni buzish gunoh emas,balki savobdur.

Ahdlarning eng ulug‘i banda bilan Alloh o‘rtasidagi ahddir. Zero, Alloh taolo odamni yaratib,unga turli ne’matlar berdi. Bu ne’matlarni banda bilishi va e’tirof etishini, Allohning mehribonligidan xabardor bo‘lishini hohladi. Payg‘ambarimiz: "Qiyomat kunida ahdini buzgan har bir kishi yonida uni tanitib turadigan bayroq bo‘ladi” deganlar.

"Ahdlashganingizda, Allohga bergan ahdingizga vafo qiling! Allohni kafil qilib ichgan qasamlaringizni (Alloh nomi bilan) mustahkam qilganingizdan keyin buzmang!" (Nahl,91). Oyati karimadagi "Allohga bergan ahdingiz" birikmasi Rasulullohga qilingan bay’atni ham o‘z ichiga oladi. Bu bay’at Payg‘ambarimiz buyurgan har bir yaxshi amalni qilish, qaytargan har qanday yomonlikni tark etish uchun berilgan ahdni ifoda etadi. Shuning uchun ham Haq subhonahu va taolo bunga yanada ahamiyat berib:"Ahdlashganingizda, Allohga bergan ahdingizga vafo qiling!" deb aytgan.

Shunday ekan, har bir mo‘min ahdiga vafo qilishi zarurdir.

 

Qudratulloh Ahmad

Kiritildi: 13:35 27.10.2019. O'qildi: 5416 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!