O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar asrlar davomida shakllanib, tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtalar asosida mustahkamlanib kelmoqda. Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Jaloliddin Balxiy, Abdurahmon Jomiy kabi ulug‘ allomalarning hayoti va ilmiy merosi ikki xalq o‘rtasidagi yaqin aloqalarning yorqin ramzi hisoblanadi.
Bugungi kunda ham Prezidentimiz tashabbuslari bilan Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda ayniqsa, Afg‘onistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bugun Termiz xalqaro savdo markazida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Afg‘oniston Bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdul Vose hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo rahbarligidagi delegasiyalar ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Afg‘oniston tomonidan Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun yuborilgan 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmari O‘zbekiston tomonidan qabul qilib olindi.
Bunday amaliy hamkorlik ikki birodar xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi e’tiborga sazovardir.