"Liverpul" bilan o‘yinda Janluidji Donnarumma bilan to‘qnashib ketgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov zaxiraga olindi.
Hozirda O‘FA Tibbiy qo‘mita raisi, "Lokomotiv" bosh shifokori bo‘lib ishlayotgan Abror Pirriyev ushbu vaziyatga munosabat bildirdi.
«Tibbiy yordam ko‘rsatish uchun maydonga chiqqan jamoa shifokori Abduqodirda bosh miya chayqalishi tashxisini qo‘ydi va uni zaxiraga olish zarur degan to‘g‘ri qarorga keldi.
Futbolchi shijoatini ko‘rgan bosh murabbiy uni qo‘llashga urinib ko‘rdi. Ammo jamoa shifokori ehtirosga berilmadi va o‘z qarorida turdi. Shifokorning bu professional harakatidan eng katta foyda Abduqodirga bo‘ldi.
Chunki bosh miyaning yengil darajadagi chayqalishi ham jismoniy zo‘riqish tufayli jiddiy oqibatlarga poydevor bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, yon-atrofdagilarga bezarar ko‘rinuvchi bu holat futbolchining maydonda jiddiy xatoliklarini va turli jarohatlar olish ehtimolini karralarga oshirishi borasidagi ilmiy asoslarni professional shifokordan bo‘lak kimsa bilmaydi va o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Xullas, jamoa shifokoriga “respekt”!», - deb yozdi Pirriyev o‘z telegram-kanalida.