31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Dushanbe shahrida Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashdi, deb yozadi "qalampir".
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, xavfsizlik, madaniyat, ijtimoiy va agrar sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning bajarilishiga qaratildi.
Shuningdek, tomonlar Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning joriy yil kuzda O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashrifini ham muhokama qildilar. Imomali Rahmonning O‘zbekistonga tashrifi barcha sohalardagi o‘zbek-tojik munosabatlari rivojiga yangi turtki berishiga ishonch bildirildi.
Tomonlar bugun Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari hukumat rahbarlari Kengashining kun tartibi haqida ham fikr almashdilar.