13 mart kuni soat 07:00 holatiga ko‘ra, Yaqin Sharq mamlakatlaridan O‘zbekistonning 32934 nafar fuqarosi Vatanga qaytarilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 12 mart kuni Qatardagi elchixona tomonidan 49 nafar fuqaro BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazilib, so‘ngra Toshkentga uchgan. Ayni paytda navbatdagi fuqarolar guruhi shakllantirilib, ularning Doha shahridan Dubay orqali O‘zbekistonga qaytishi masalalari ishlab chiqilmoqda.
BAAdagi diplomatik vakolatxonalar ko‘magida 147 nafar fuqaro Toshkentga uchib ketgan. Erondagi elchixona tomonidan 5 nafar fuqaro qo‘shni davlatlar hududi orqali chiqib ketgan. Isroildan esa 4 nafar fuqaro Misr orqali O‘zbekistonga qaytgan.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahridagi bosh konsulxonasi va Transport vazirligi bilan hamkorlikda charter reyslari orqali 2735 nafar fuqaro Vatanga qaytgan va mazkur mamlakatda evakuasiya tadbirlari yakunlangan.
O‘zbekiston fuqarolarining Vatanga qaytarilishi bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyati davom etmoqda.