O‘zbekistonda zaharli gazlar chiqarishni 2035 yilga borib 50 foizga qisqartirish, 2030 yilgacha umumiy generasiyada «yashil» energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioda o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitida aytib o‘tdi.
«Yaponiya zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni to‘liq bartaraf etishga erishish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda jahondagi yetakchi davlatdir.
Biz O‘zbekistonda zaharli gazlarni chiqarishni 2035 yilga borib 50 foizga qisqartirish, 2030 yilgacha umumiy generasiyada «yashil» energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilib qo‘yganmiz», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari energetik o‘tish va «yashil» energetikani rivojlantirish bo‘yicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish, kogenerasiya, yo‘qotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish va foydalanish texnologiyalarini joriy etish kabi aniq loyihalarni Yaponiya tomoni bilan birgalikda ishlab chiqishni taklif etdi.
«Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifini ilgari suramiz», – deydi Shavkat Mirziyoyev.