2025 yil 29 yanvar kuni Turizm qo‘mitasi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yilda belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev hamda Qo‘mitaning mas’ul xodimlari, viloyat hokimliklarining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va hududiy turizm boshqarma xodimlari ishtirok etdilar.
Shu bilan birga, matbuot anjumanida Transport, Moliya va iqtisod, Soliq va Bojxona qo‘mitalari hamda Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, Mehmonxonalar uyushmasi, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasining mas’ul vakillari ham qatnashdilar.
Ishtirokchilar tomonidan 2024 yil davomida sayyohlar uchun yaratilgan asosiy imkoniyatlar va qulayliklar, ishga tushgan yangi yirik ob’ektlar, gastronomik va turizm ko‘chalari, turizm sohasida qonunchilikni takomillashtirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, hududiy infratuzilmani yaxshilash, turizm sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, 2025 yilda turizm sohasidagi ustuvor vazifalar va rejalar, xususan, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini joriy etish, mamlakatning turistik imijini yanada mustahkamlash, tashkiliy va infratuzilmaviy o‘zgarishlar, ekologik turizmni rivojlantirish va barqaror sayyohlikni ta’minlash bo‘yicha aniq qadamlar belgilab o‘tildi.
Tadbirda, shuningdek, turizm sohasidagi innovasion texnologiyalar va raqamli platformalarni joriy etish hamda turizm infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan strategiyalar haqida ham so‘z yuritildi.